Logo

Shavkat Mirziyoyev: Energetikada muammo mablag‘da emas, tizimning boshqaruvida!

Bugun 15:463 daqiqa

Prezident Energetika vazirligi va uning quyi bo‘g‘inlaridagi rahbarlarda ijro va mas’uliyat yetishmayotgani tanqid qilindi.

Shavkat Mirziyoyev: Energetikada muammo mablag‘da emas, tizimning boshqaruvida! © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Qonunchilik takomillashtirilib, xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun imkoniyatlar kengaytirilgani natijasida energetika tarmog‘iga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etildi.

Hududlarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan yangi elektr stansiyalari ishga tushirilib, mamlakatning generatsiya bo‘yicha ichki ehtiyojini qoplaydigan quvvatlar yaratildi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 30 trillion so‘m ajratilgani qayd etildi. Bu avvalgi 25 yilda yo‘naltirilgan mablag‘dan olti baravar ko‘p.

«Muammo boshqaruvda»

Prezident sohadagi asosiy muammo moliyalashtirish emasligini alohida ta’kidladi.

«Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!» – dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari bir xil tarmoq infratuzilmasiga ega bo‘lgan ayrim tumanlarda tizim samarali ishlayotgani, boshqalarida esa avariyalar muntazam takrorlanayotganini nazorat va ijro intizomidagi farq bilan izohladi.

Shu munosabat bilan Energetika vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining mas’uliyati va ijro intizomi yetarli emasligi tanqid qilindi. Prezidentning ta’kidlashicha, tizim rahbarlarining faoliyati aholi turmushiga va tadbirkorlar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi lozim.

«Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak», — dedi davlat rahbari.

Minglab avariyalar qayd etilgan

Yig‘ilishda energetika tarmog‘idagi avariyalar ham muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, faqat iyun—iyul oylarining o‘zida qariyb 4 mingta avariya sodir bo‘lgan. Buning oqibatida aholi va tadbirkorlar ayrim hollarda 8–10 soatgacha elektr ta’minotisiz qolgan.

Prezident so‘nggi besh yilda Shirin shahri, Yangihayot va Yakkasaroy tumanlari hamda Ohangaron tumanida elektr iste’moli ikki baravardan ko‘proq oshganiga qaramay, mas’ullar va mahalliy hokimliklar tarmoqlar bunday yuklamani ko‘tara olmasligini oldindan hisobga olmaganini tanqid qildi.

Shuningdek, elektr ta’minotidagi har bir uzilish iqtisodiyot va tadbirkorlikka yetkazgan zarar tahlil qilinmayotgani, hokimlar energiya iste’moli balansini yetarlicha bilmagani sababli milliardlab so‘mlik iqtisodiy yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda ayrim hokimlarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha aniq hisob-kitob mavjud emasligi ham tanqid qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tarmoqdagi yo‘qotishlar 17,2 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan olti oyda 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan. 

Andijon shahri, Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanida yo‘qotishlar 25 foizdan yuqori. 

ASKUE va ASKUG tizimi joriy qilinganiga to‘rt yildan oshgan bo‘lsa-da, aholi xonadonlariga o‘rnatilgan 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagich tarmoqqa ma’lumot uzatmayapti. Oqibatda ayrim hududlarda debitor qarzdorlik kamayish o‘rniga ko‘paymoqda. 

Lekin ko‘p rahbarlar samaradorlik deganda faqat quyosh paneli o‘rnatishni tushunib yurgani, uy energiya samarador bo‘lmasa, sarflangan mablag‘ behuda ketaverishi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid