
Shavkat Mirziyoyev Minskka jo‘nab ketdi: Yevrosiyo sammitida ishtirok etadi
26.06.2025 | 14:3016312
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26–27 iyun kunlari Belorussiya poytaxti Minsk shahriga amaliy tashrif bilan boradi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda. Mirziyoyev Minskda bo‘lib o‘tadigan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etadi.
Yig‘ilish kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlar ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston 2020 yildan buyon Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Mamlakat tashkilot bilan savdo, sanoat, transport, logistika va boshqa sohalarda hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyevning Aleksandr Lukashenko va boshqa mamlakatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ham kutilmoqda.





