Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon iqtisodiyot vazirini qabul qildi
Muzokaralar avvalida Mikoyil Jabborov O‘zbekiston rahbariga Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
© Foto: president.uzO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni amaliy tashrif bilan mamlakatga kelgan Ozarboyjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborovni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon Shavkat Mirziyoyevga Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – Ozarboyjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo aylanmasining o‘sishi va qo‘shma loyihalar
O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi, joriy yilning o‘tgan davrida esa o‘sish qariyb 40 foizni tashkil etdi.
Qurilish, energetika, geologiya, logistika, moliya, yoqilg‘i, to‘qimachilik, turizm va boshqa tarmoqlarda, shu jumladan, qo‘shma Investitsiya kompaniyasi ishtirokida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, bugun bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarining yakunlari yuksak baholandi. Shuningdek, ikki mamlakat hududlari forumi natijador o‘tishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.





