add

Shavkat Mirziyoyev Pokistonga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Prezidenti tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida qo‘shma biznes forumi va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev Pokistonga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan bugun, 5-fevral kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Avval xabar qilinganidek, Islomobod shahrida oliy darajadagi muzokaralar va Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston – Pokiston do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

Sammit yakunida Qo‘shma deklaratsiya va ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida qo‘shma biznes forumi va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

3–4-fevral kunlari Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham Islomobodga borgan edi. Pokiston havo hududida Qozog‘iston prezidenti samolyotini Harbiy havo kuchlari samolyotlari kuzatib borgandi.

Qarachi portida O‘zbekiston ombori tashkil etiladi

Bungacha esa O‘zbekiston transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida transport sohasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi kelishuvlarga erishilgandi. Unga ko‘ra, Pokiston — Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston xalqaro transport yo‘lagi tashkil etiladi hamda Karachi portida O‘zbekiston omborlari barpo etiladi.

Eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston temir yo‘li loyihasi belgilandi. Pokiston temiryo‘llar vaziri o‘rinbosari Mazxar Ali Shoh bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida qisqa muddatda dala tadqiqot ishlarini boshlashga kelishildi. Bu loyiha Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyo portlariga chiqishini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega.

Delegatsiya tashrifi doirasida Pokistonning dengiz ishlari vaziri o‘rinbosari Umar Zafar Sheyx va Karachi porti raisi Shaxid Axmed bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda O‘zbekiston yuklari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, port orqali tranzit hajmlarini oshirish va investorlarga imtiyozlar berish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar yakunida Karachi portida O‘zbekiston omborlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu qadam O‘zbekiston tashqi savdo operatsiyalarini arzonlashtirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va milliy eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid