add

Shavkat Mirziyoyev Pokistonning oliy davlat ordeni bilan taqdirlandi

Davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston rahbariga Pokistonning oliy davlat mukofoti – «Nishoni Pokiston» ordeni topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Pokistonning oliy davlat ordeni bilan taqdirlandi © Фото: president.uz

Islomobod shahridagi «Ayvoni Sadr» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Pokiston Islom Respublikasining oliy davlat mukofoti – «Nishoni Pokiston» ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mukofotni Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy tantanali ravishda taqdim etdi. Ushbu yuksak e’tirof ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarning natijasi sifatida baholandi.

Taqdimot chog‘ida orden O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan do‘stona munosabat, o‘zaro hurmat va ishonch ramzi ekani ta’kidlandi. Tomonlar O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etib, siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdilar.

«Nishoni Pokiston» ordeni bilan taqdirlangan siyosatchilar

Ma’lumki, «Nishoni Pokiston» ordeni turli yillarda jahon siyosatining nufuzli arboblariga berilgan. Ular orasida Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, AQSH Prezidenti Richard Nikson, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Nelson Mandela, Xitoy Raisi Xu Jintao, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va Saudiya Arabistoni Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon kabi shaxslar bor.

Mazkur marosim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Ikki kunlik tashrif davomida Islomobodda oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, logistika va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston – Pokiston biznes forumi o‘tkazilib, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirishga kelishib olindi. Davlat tashrifi yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi. «Nurxon» aeroportida oliy martabali mehmonni Pokiston Bosh vazirining maxsus maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Horun Axtar va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Teglar

Mavzuga oid