Shavkat Mirziyoyev: «Qambarotani tezlashtirish kerak»
Cho‘lponotadagi rasmiy marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan muloqot qildi. Suhbatlar chog‘ida u qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajribasini eslab, iqtisodiy blok rahbarlari haqida hazil qildi.
© president.uzO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-iyul kuni Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida Cho‘lponota shahridagi «Ruh Ordo» madaniy markazida o‘tgan rasmiy kutib olish marosimida ishtirok etdi. Tantanali tadbirda u Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan birga ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari bilan tanishdi va bir qator vazirlar hamda idora rahbarlari bilan muloqot qildi.
Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari — suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov tanishtirilganda, Shavkat Mirziyoyev o‘zining bosh vazirlik davrida qishloq xo‘jaligi sohasiga mas’ul bo‘lganini esladi.
«Men o‘z vaqtida, bosh vazir bo‘lib turganimda qishloq xo‘jaligiga mas’ul edim, shuning uchun bu sohani va u qanday ahvolda bo‘lganini yaxshi bilaman. Sizga muvaffaqiyat tilayman. Umuman olganda, Sovet Ittifoqi davrida kimni ishdan olmoqchi bo‘lishsa, o‘shani qishloq xo‘jaligiga rahbar qilib qo‘yishardi», — dedi prezident. Bu so‘zlar tadbir ishtirokchilarining kulgisiga sabab bo‘ldi.
Sadir Japarov esa hazilga javoban, «Biz uni hali ishdan olmaymiz. Yangi tayinladik. Uzoq vaqt ishlaydi, deb umid qilaman», dedi.
Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Qulubayev bilan muloqotda Mirziyoyev uning hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi kelishuvlarni tayyorlashdagi mehnatini alohida e’tirof etdi.
Prezident bugungi ittifoqchilik munosabatlariga erishish oson bo‘lmaganini ta’kidlab, kelgusida ham tashqi siyosat idoralari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanishini qayd etdi.
Iqtisodiyot va tijorat vaziri Baqit Sidiqov bilan tanishuv chog‘ida esa Mirziyoyev uni hazil tariqasida «eng katta odam» deb atadi.
U iqtisodiy blok rahbarlari ko‘pincha mablag‘ masalasida ehtiyotkor bo‘lishini nazarda tutib, «Ularning mentalitetida «yo‘q» deyish har kuni bor», dedi. Sadir Japarov «U va Moliya vazirligi» deb qo‘shimcha qilgan bo‘lsa, Mirziyoyev «Ikkalasi baribir bir xil», deya hazilni davom ettirdi.
Qambarota va chegara
Energetika vaziri Oltinbek Risbekov bilan suhbat chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Qambarota GES-1 qurilishiga alohida to‘xtaldi. U yangi tayinlangan vazir bilan yaqin hamkorlik qilish muhimligini ta’kidlab, strategik ahamiyatga ega mazkur gidroenergetika loyihasini jadallashtirishga chaqirdi.
«Menda yangi vazir. U bilan birga ishlashingiz kerak. U juda kamtar, sohaning odami. Sizlar ko‘proq ish qilasizlar. Qambarotani tezlashtirish kerak», — dedi Mirziyoyev.
Shundan so‘ng prezident Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati raisi Abdikarim Alimboyevdan chegara masalalari to‘liq hal etilgan-etilmagani bilan qiziqdi. «Hamma masalalarni hal qildingizlar-a, deyarli?» degan savolga Alimboyev «Xuddi shunday», deb javob berdi.
Mazkur muloqotlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan tarixiy davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini «asr qurilishi» deb atab, uning butun mintaqa geosiyosati va iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston kuchli va barqaror Qirg‘izistondan manfaatdor ekani hamda qo‘shni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.





