Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiriga ta’ziya yo‘lladi
Qatarning Ras-Laffan sanoat zonasidagi gazni qayta ishlash majmuasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgan.

Bugun, 22-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga Ras-Laffan sanoat zonasidagi gazni qayta ishlash majmuasida sodir bo‘lgan kuchli portlash va yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlat rahbari qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan, jarohatlanganlar tez orada shifo topishini tilagan.
Ras-Laffandagi fojia tafsilotlari
Qatarning Ras-Laffan sanoat hududidagi zavodda yuz bergan portlash oqibatida 54 kishi jabrlandi va yana 18 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Hodisa 21-iyun kuni kechqurun Doha shahri yaqinidagi QatarEnergy kompaniyasiga qarashli Barzan gaz taqsimlash punktida sodir bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlashga ishlab chiqarish jarayonini ishga tushirish vaqtidagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Ayni paytda hech qanday gaz sizib chiqish holati qayd etilmagan, voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan qutqaruv va o‘t o‘chirish guruhlari yong‘inni nazorat ostiga olgan.
Ichki xavfsizlik kuchlari tarkibidagi Qatar xalqaro qidiruv-qutqaruv guruhi fuqarolik mudofaasi bo‘linmalari bilan hamkorlikda bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlarini olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur korxonalar dunyodagi eng yirik suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) ishlab chiqarish va eksport markazlaridan biri hisoblanadi hamda global ta’minot hajmining qariyb 20 foizini qoplaydi. Ras-Laffan joriy yilning mart oyida ham raketa hujumlariga uchragan, o‘shanda zarbalar QatarEnergy infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazib, yirik yong‘inga sabab bo‘lgan edi.





