
Shavkat Mirziyoyev qirol Filippni O‘zbekistonga taklif qildi
Prezident va Belgiyaliklar qiroli Filipp Laken saroyida uchrashuv o‘tkazdi.

Bugun, 24 oktyabr kuni Bryussel shahriga rasmiy tashrif doirasida Laken saroyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning belgiyaliklar qiroli Filipp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
«Qirol Filipp O‘zbekiston yetakchisining YeI rahbariyati bilan muzokaralarining yakunlarini yuksak baholab, mamlakatimiz yetakchisini Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolangani bilan samimiy tabrikladi», - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston – Belgiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Vazirlar darajasida faol muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda, ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan.
Madaniy-gumanitar hamkorlik mustahkamlanmoqda. Toshkent va Kortreyk, Samarqand va Lej shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan. Kortreykda buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning byusti ochilgan.
«O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Belgiya kompaniyalari O‘zbekistonda, xususan, to‘qimachilik, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. O‘tgan yili Toshkentda Benilyuks mamlakatlarining savdo palatasi ochildi», - deyiladi xabarda.
Suhbat chog‘ida Belgiya kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, shuningdek, madaniy tadbirlarni o‘zaro o‘tkazish muhimligi ta’kidlangan.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Qirol Filippni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgan.





