Logo

Shavkat Mirziyoyev: Qo‘shimcha soliq tushumlari bo‘yicha yillik reja atigi 40 foizga bajarilgan

Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, viloyat soliq rahbarlariga 498 ta yirik soliq to‘lovchi korxonalar bilan yaqindan ishlab, soliqlar to‘liq hajmda yig‘ilishini ta’minlash topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev: Qo‘shimcha soliq tushumlari bo‘yicha yillik reja atigi 40 foizga bajarilgan © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida soliq tushumlarini oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov lavozimidan ozod etildi.

Davlat rahbari qayd etishicha, yil boshidan buyon soliq tushumlari 27 foizga o‘sib, 130 trillion so‘mdan oshgan. Biroq qo‘shimcha soliq tushumlari bo‘yicha yillik rejaning bor-yo‘g‘i 40 foizi bajarilgan. Bu 12 trillion so‘mlik ko‘rsatkichni tashkil etadi.

Prezident viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari korxonalar bilan yetarli darajada ishlamayotganini tanqid qildi va bu borada mas’uliyat kuchaytirilishini bildirdi.

Yig‘ilishda Buxoro viloyati misolida jiddiy muammolar keltirildi.

Qayd etilishicha, yillik aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 162 ta korxona ketma-ket uch yil zarar bilan ishlagani uchun bir so‘m ham foyda solig‘i to‘lamagan.

Shuningdek, yana 1,5 mingta korxona qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamasdan, faqat QQS chegirmalaridan foydalanib kelgani ma’lum qilindi. Ana shu qoniqarsiz natijalar sabab Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasidan ozod etildi.

Prezident 1-iyuldan boshlab 498 ta yirik soliq to‘lovchi korxona bo‘yicha soliq undirish vakolati viloyatlarga o‘tkazilganini eslatib, endi bahonaga o‘rin qolmaganini ta’kidladi.

To‘qimachilik korxonalari muammosi

Yig‘ilishda to‘qimachilik tarmog‘idagi vaziyat ham muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, hozir 16 ta to‘qimachilik korxonasi kredit qarzlari bo‘yicha sud ishlari cho‘zilayotgani sababli deyarli faoliyat yuritmayapti. Buning natijasida 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 400 million dollarlik eksport imkoniyati boy berilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim banklarning muammoli korxonalarni qayta tiklash bo‘yicha ijobiy tajribasi misol qilib keltirildi. Xususan, «Toshkent kotton» korxonasiga tashqi boshqaruv joriy etilganidan so‘ng ishlab chiqarish qayta tiklangan va joriy yilda 10 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.

Prezident mutasaddilarga qolgan muammoli korxonalarga ham mas’ullarni biriktirib, ularning ishlab chiqarish faoliyatini tezkor tiklash choralarini ko‘rishni topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat aktivlarini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga kamaytirilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev: Qo‘shimcha soliq tushumlari bo‘yicha yillik reja atigi 40 foizga bajarilgan | Vaqt.uz