
Shavkat Mirziyoyev tez orada Qirg‘izistonga boradi
31.07.2025 | 23:0021362
Baxtiyor Saidov Qirg‘izistonda tashrifga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. prezident Sadir Japarov bilan uchrashib Shavkat Mirziyoyevning salomini ham yetkazgan.

31 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi va unga prezident Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tomonlar savdo, iqtisodiy hamkorlik, chegaraoldi infratuzilmasi, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishgan.
«Infratuzilmadan tortib, gumanitar yo‘nalishgacha bo‘lgan barcha sohalardagi qo‘shma loyihalarimiz nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki butun mintaqa va undan kengroq hududlar taraqqiyotiga ham xizmat qilmoqda», — degan Saidov.
Qolaversa, 30 iyul kuni Baxtiyor Saidov Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashgan. Muzokaralar davomida O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzolagan.





