
Shavkat Mirziyoyev: «TIV nota berish bilangina cheklanib qolmoqda»
Davlat rahbari xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari buzilishi haqida gapirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijdagi fuqarolarning huquqlari buzilayotgani masalasiga ham e’tibor qaratildi.
«Xorijda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarimiz borligi bizni tashvishga soladi», – dedi davlat rahbari.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili Rossiyada 150 mingdan ziyod fuqaroga «migratsiya amnistiyasi»ni qo‘llashga erishilgan. Boshqa mamlakatlarda ham fuqarolarimizga qonuniy asosda ishlashlariga ko‘maklashish, bu borada xorijiy tomonlar bilan muzokaralarni faollashtirish, shu bilan birga fuqarolarimiz ham o‘zlari bo‘lib turgan mamlakat qonunchiligi talablariga rioya qilishi lozimligi qayd etilgan.
Bundan buyon migratsiya oqimi ko‘payib borayotgan davlatlar, ayniqsa, Yevropada mehnat migrantlari bilan ishlash elchixonalardagi konsullarning asosiy vazifasi bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, chet eldagi fuqarolarimizni konsullik hisobiga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratiyani qisqartirish topshirilgan.
Yig‘ilishda O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otayotganiga e’tibor qaratilgan.
Aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.
«Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart», – dedi Prezident.
Bundan tashqari, xorijdagi yoshlar yoki talabalarning turli oqimlarga qo‘shilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi ta’kidlangan.
Bundan buyon elchilar «kabinet diplomatiyasi»dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlar ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashi shartligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun bepul koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirilgan.





