add

Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi telefon orqali muloqot qildi

Muloqotda Mirziyoyev Hindiston yetakchisini va xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi telefon orqali muloqot qildi
12 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Hindiston yetakchisini va xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikning barqaror rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Joriy yil boshidan ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshdi. 40 ga yaqin yangi qo‘shma korxona va kooperatsiya loyihalari ishga tushirildi. Hindiston kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalar portfeli ikki milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali faoliyat yuritmoqda. Yetakchilar farmatsevtika, kimyo sanoati, raqamli iqtisodiyot, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, qurilish va turizm sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. “Shimol-Janub” yo‘lagi doirasida transport va tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish ham muhokama etildi. Tomonlar Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish, madaniyat va kino kunlarini o‘zaro tashkil etish hamda hududlar o‘rtasida almashinuvlarni faollashtirishga kelishdilar. Shuningdek, mintaqaviy masalalar va oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi. Eslatib o‘tamiz, 9-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham telefon orqali muloqot qilib, Aliyevni tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan tabriklagan edi.

Teglar

Mavzuga oid