add

Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida nutq so‘zladi

27.06.2025 | 18:3030774

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun kuni Yevroosiyo iqtisodiy kengashining oliy darajadagi yig‘ilishida so‘zga chiqib, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan ko‘ptomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida nutq so‘zladi
Davlat rahbari Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga an’anaviy samimiy qabul va sammitni yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Mirziyoyev Belarus raisligi davrida YeOII doirasida amaliy hamkorlik faollashganini alohida ta’kidladi. Mirziyoyevning aytishicha, global iqtisodiyotdagi proteksionizm va sanksiyalar siyosati, savdo-logistika zanjirlarining buzilishi va investitsiya faolligining pasayishi O‘zbekistonga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik tashqi iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Prezident O‘zbekistonning kuzatuvchi davlat maqomi davrida YeOII mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi 80 foizga o‘sganini va 2024 yilda 18 mlrd dollarga yetganini ma’lum qildi. Qo‘shma korxonalar soni uch barobar oshgan, sanoat mahsulotlari savdosi kengaygan. Mirziyoyev 40 ta chora-tadbirni qamrab olgan uch yillik hamkorlik rejasi ishga tushirilganini, O‘zbekiston «Yevroosiyo agro ekspress», elektron savdo, raqamlashtirish va iqlim masalalari bo‘yicha faol ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Yevroosiyo taraqqiyot banki bilan infratuzilma, metallurgiya, to‘qimachilik va kimyo sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilayotganini bildirdi. Prezident savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, raqamli transport yo‘laklari va texnik tartibga solish tizimlariga qo‘shilishni taklif etdi. Shu bilan birga, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va elektron savdo sohasida hamkorlikni kuchaytirishni muhim deb hisoblashini bildirdi. Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, agrokooperatsiya, mehnat bozorida standartlarni yaqinlashtirish, «Chegara bilmaydigan ish» platformasida ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi. Prezident so‘zining yakunida O‘zbekiston amaliy hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqlab, mazkur hamkorlik mamlakatlar rivoji uchun muhim ekanini qayd etdi.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida nutq so‘zladi | Vaqt.uz