add

Shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirilgan mashinalar endi tekshiruvdan o‘tmaydi — qaror

04.09.2025 | 19:001597

Piskent poligonida avtosinovlar rasman to‘xtatildi. Endi shaxsiy ehtiyoj uchun import qilingan avtomobillar majburiy sinovdan o‘tmaydi. Agentlikka narxlarni tartibga solish va bozordagi nazoratni kuchaytirish vazifasi yuklatildi.

Shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirilgan mashinalar endi tekshiruvdan o‘tmaydi — qaror
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Piskent poligonida tekshiruv amaliyoti 2 sentyabrdan to‘xtatilishini ma’lum qilgan edi. Unda amaliyot rasmiy distribyutorlik va servis markazlari soni keskin oshganligi hamda iste’molchilarning rasmiy distribyutorlar bilan ishlash amaliyoti yaratilgani sababli bekor qilingani aytilgandi. Biroq agentlik avtosinovlar bekor bo‘lishi haqida hech qanday rasmiy me’yoriy hujjat e’lon qilmagani haqida yozgandik. 4 sentyabr kuni «Avtodeklarant» Telegram kanalida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev imzolagan hujjat e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha idoralararo komissiyaning 2 sentyabr kunigi yig‘ilish bayoni bilan tekshiruv amaliyoti bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Qayd qilinishiccha, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab Piskent avtopoligonida reglamentda belgilangan 2 ta majburiy ko‘rsatkich bo‘yicha sinovlarni amalga oshirish amaliyoti orqali rasmiy sotuvlar soni bo‘yicha keskin o‘zgarish bo‘lmagan. Hujjatda shu yilning birinchi yarim yilligida jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan avtomobillar soni o‘tgan yilga nisbatan 2 ming 693 taga oshgani haqida yozilgan. Biroq import statistikasi boshqacha «gapiryapti». Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda avtomobillar importi 1,9 mlrd dollardan 1,3 mlrd dollargacha qisqargan. 2025-yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra esa avtomobil importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 karra kamaygan.   Nimalar tasdiqlandi? Protokolga ko‘ra, shaxsiy ehtiyoj uchun import qilinadigan bir dona avtotransport vositasini «elektromagnit moslashuvchanlik» va «haydovchi hamda yo‘lovchi xonasidagi havoga ajratilgan zaxarli moddalar» ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish talabi bekor qilindi. Shuningdek, yuridik shaxslarga muomalaga chiqarish uchun transport vositasining turini ma’qullash hujjatining amal qilish muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi.   Qanday takliflar berildi? Hujjatda Raqobat qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlar o‘rtasida avtotransport vositalarining narxlaridagi tafovutlarni tahlildan o‘tkazish, maqbullashtirish va tartibga solish bo‘yicha taklif kiritilgan. Troll.uz kanali asoschisi, bloger Umid G‘ofurov «qanday qilib tartib solinishini bilmadim-u, lekin narxlar tushmasligi aniq» deb munosabat bildirgan. Bundan tashqari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi muvofiqlikni baholash markazlarini tashkil etishga xususiy sektorni keng jalb etish va akkreditatsiya tizimini takomillashtirish yuzasidan Prezident Administratsiyasiga takliflar kiritgan. «Protokoldagi bir topshiriq hali yangi va yangi tajribalar bo‘lishi mumkinligiga xavotirli ishoralar beradi. Syurprizlar oldinda», — deydi iqtisodchi Otabek Bakirov. Shuningdek, agentlikka xorijdan olib kelinayotgan avtotransport vositalari sifati nazoratini kuchaytirish, iste’molchilarning murojaatlariga javob berish vazifasi yuklatildi. Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab Texnik jihatdan tartibga solish agentligi import qilingan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini o‘zgartirgandi. Unga ko‘ra, xorijdan olib kiriladigan transport vositalari bojxona hududida emas, balki Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi avtomobil poligonida sinovdan o‘tkazilishi belgilangandi. Tartib rasmiy distribyutor bo‘lmagan jismoniy shaxslar va xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan avtomobillarga nisbatan tatbiq etilgan. Bu esa poligon yo‘lida avtomobillarning uzun navbatiga sabab bo‘lgan edi. Avtomobil egalari jarayon uzoq davom etgani uchun mashinalarda tunab qolishga ham majbur bo‘lishgan. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid