
Shota Rustaveli ko‘chasi 198 mln dollarga rekonstruksiya qilinadimi?
09.07.2025 | 19:1045652
Vizirlik birinchi bosqichning o‘zida qancha pul sarflanayotgani, boshqa qaysi ko‘chalar qamrab olinishi va real ishlarga to‘lanadigan mablag‘lar qanchani tashkil etishini ochiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasi rekonstruksiyasiga 198 million dollar sarflanishi haqida xabarlar tarqaldi. Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashuramatov Vaqt.uz'ga mazkur xabar yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Vazirlik rasmiysiga ko‘ra, aslida, bu summa poytaxtning 200 kilometrga yaqin yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan dastlabki umumiy hisob-kitob bo‘lib, har bir loyiha bo‘yicha yakuniy narx faqat bajarilgan real ishlar asosida shakllanadi.
Shota Rustaveli ko‘chasining kompleks rekonstruksiyasi, Amir Temur shoh ko‘chasi, Shahrisabz ko‘chasi, Yangi Sergeli ko‘chasining yo‘l va infrastruktura yangilanishi hamda Olmazor tumanida yirik yo‘l ob’ektining qurilishi birinchi bosqichda 50 million dollarga baholangan.
«Bu borada Toshkent shahar hokimligi, "TIC Engineering" kompaniyasi, "Tashkent Invest kompaniyasi" AJ va pudratchi tashkilot "China State Construction Engineering Corporation" (XXR) kompaniyasi bilan aniq kelishuv mavjud», - deyiladi rasmiy xabarda.





