
Shota Rustaveli ko‘chasida yana 4 ta avtobus yo‘nalishi harakati qayta tiklanadi
22 oktyabrdan Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasidagi markaziy avtobus yo‘lagi (BRT) orqali 2, 18, 45 va 94-sonli yo‘nalishlar harakati qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahar transport tizimini zamonaviylashtirish doirasida Shota Rustaveli ko‘chasidagi markaziy avtobus yo‘lagida harakat yana tiklanmoqda.
2025 yil 22 oktyabrdan boshlab 2, 18, 45 va 94-sonli avtobuslar ushbu yo‘lak orqali qatnay boshlaydi. Loyiha jamoat transporti uchun qulay sharoit yaratish, yo‘ldagi tirbandliklarni kamaytirish va harakat xavfsizligini oshirishni maqsad qiladi, deyiladi Transport vazirligi xabarida.
«Yo‘lovchilar uchun avtobuslar yo‘lning markaziy qismidagi maxsus ajratilgan yo‘lak orqali harakatlanadi. Shuning uchun platformaga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali chiqish tavsiya etiladi. Avtobus to‘liq to‘xtagandan keyingina eshikka yaqinlashish kerak. Yosh bolali ota-onalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yo‘l berish talab etiladi», deyiladi vazirlik eslatmasida.
Haydovchilar uchun markaziy avtobus yo‘lagi faqat avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangani alohida ta’kidlandi. Bu yo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi yoki to‘xtashi qat’iyan taqiqlanadi. Shuningdek, har ikki yo‘nalishda ham chapga burilish va orqaga qayrish mumkin emas.
Shahar hokimligiga ko‘ra, BRT tizimi Toshkentda jamoat transporti samaradorligini oshirishning muhim bosqichidir. Ushbu loyiha orqali aholi uchun tezkor, xavfsiz va qulay sayohat imkoniyatlari yaratiladi.
Barcha yo‘l harakati qatnashchilaridan ehtiyotkorlik, madaniyatli yurish va hamkorlik so‘ralmoqda.





