SI «Amazon» mijozlarini servislarsiz qoldirdi: algoritm tizimni «buzdi»

22.02.2026 | 15:512 daqiqa

Texnologik gigant «Amazon» avtomatlashtirishning kutilmagan oqibatlariga duch keldi: sun’iy intellekt asosidagi ichki vosita kamida ikki marta «Amazon Web Services» (AWS) bulutli platformasida texnik nosozliklarni keltirib chiqardi.

SI «Amazon» mijozlarini servislarsiz qoldirdi: algoritm tizimni «buzdi»

Hodisa ayrim xodimlarni algoritm-programmistlarni ish jarayonlariga shunchalik agressiv joriy etish maqsadga muvofiqligi haqida o‘ylab ko‘rishga majbur qildi. Bu haqda «Financial Times» xabar berdi.

SI tizimni qanday «o‘chirdi?»

Eng ko‘zga ko‘ringan holat dekabr o‘rtalarida sodir bo‘lgan. AWS’ning mijozlarga bulutli xizmatlar bo‘yicha xarajatlarini kuzatish imkonini beruvchi tizimi 13 soat davomida ishlamay qolgan. Manbalarga ko‘ra, muammoga dasturlash uchun ishlab chiqilgan firmaviy SI-vosita – «Kiro» sabab bo‘lgan.

Muhandislar unga tizimga mustaqil ravishda o‘zgartish kiritish vakolatini bergan. Avtonomiyaga ega bo‘lgan algoritm vazifani hal qilishning «eng maqbul» yo‘li sifatida radikal qarorni tanlagan – muhitni «o‘chirib, qayta yaratish».

Kompaniya rasmiy hisobotida nosozlik yuz berganini tan oldi, biroq u «juda cheklangan» xususiyatga ega bo‘lgani va faqat materik Xitoy hududidagi birgina servis foydalanuvchilariga ta’sir qilganini ta’kidladi.

Inson omili yoki mashina xatosimi?

Bunday holat birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. «Amazon» xodimlari jurnalistlarga yaqinda yana bir shunga o‘xshash hodisa yuz berganini aytgan. Unda ham sun’iy intellektdan foydalanish ish jarayonida uzilishlarga sabab bo‘lgan.

«So‘nggi bir necha oy ichida kamida ikki marta ish muhitida nosozlik kuzatdik. Muhandislar muammoni sun’iy intellekt agentiga inson aralashuvisiz hal qilishga ruxsat berishdi. Uzilishlar katta emasdi, ammo to‘liq prognoz qilinadigan edi», – dedi «Amazon Web Services» (AWS)ning katta xodimlaridan biri.

Biroq kompaniya rahbariyati muammo aynan texnologiyaning o‘zida ekani haqidagi fikrga qat’iy qo‘shilmaydi. «Amazon»ning bildirishicha, neyrotarmoq ishtirok etgani shunchaki tasodif bo‘lgan va bunday holat qo‘lbola aralashuv yoki boshqa dasturdan foydalanilganda ham sodir bo‘lishi mumkin edi.

«Har ikki holatda ham bu sun’iy intellekt xatosi emas, balki foydalanuvchi xatosi bo‘lgan», – deyildi kompaniya matbuot xizmati e’lon qilgan bayonotda.

Shuningdek, kompaniya SI-vositalardan foydalanilganda xatolar tez-tez sodir bo‘layotganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidladi. «Amazon» vakillari ikkinchi hodisa umuman mijozlar servislariga ta’sir qilmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Teglar

Mavzuga oid