add

Si Jinping Putinga 150 yillik umr haqida bekorga gapirmagan: Xitoy olimlari yoshartiruvchi in’eksiya yaratdi

15.09.2025 | 23:0012175

Faqat olimlar bu dori ta’siri XXR raisi aytgandek, umrni 150 yilga cho‘zmaydi, taxminan yetti yilga «yoshartira» oladi, deb baholamoqda.

Si Jinping Putinga 150 yillik umr haqida bekorga gapirmagan: Xitoy olimlari yoshartiruvchi in’eksiya yaratdi
Xitoylik olimlar guruhi organizmning qarish jarayonlarini sekinlashtirish xususiyatiga ega bo‘lgan tajribaviy ukol (in’eksiya)ni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazishdi. Tadqiqot natijalari Cell ilmiy jurnalida e’lon qilindi.  Yaratilgan preparat immunitet tizimini faollashtiradi va uni senessent hujayralarni yo‘q qilishga yo‘naltiradi. Senessent hujayralar deb bo‘linish qobiliyatini yo‘qotgan, ammo to‘qimalarda saqlanib qoladigan yoki to‘planib, ularning faoliyatini izdan chiqaradigan keksaygan hujayralarga aytiladi. Qarish belgilariga chidamli bo‘lgan genetik o‘zgartirilgan o‘zak hujayralarni kiritish sezilarli darajada yoshartiruvchi natijaga erishish imkonini berdi. Tadqiqot mualliflarining ma’lumotlariga ko‘ra, 12 haftalik sinovlar davomida miya faoliyati, xotira, mushak to‘qimalari, ko‘payish tizimi va bir qator ichki a’zolar holatining yaxshilanishi kuzatilgan. Bundan tashqari, tashqi qarshilik ta’siri ham qayd etildi: sinovdan o‘tuvchilarning teri va sochlarida tiklanish alomatlari namoyon bo‘ldi. Olimlar bu ta’sirni taxminan yetti yilga «yosharish»ga teng deb baholamoqdalar. Tadqiqotchilar ishning hali boshlang‘ich bosqichda ekanligini ta’kidlab, yondashuvning samaradorligi va xavfsizligini tasdiqlash uchun keng ko‘lamli klinik sinovlar o‘tkazish zarurligini aytmoqdalar. Avvalroq, XXR raisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad boshlanishidan oldin zamonaviy texnologiyalar yordamida umr davomiyligini oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishgani haqida xabar bergan edik. Bloomberg yozganidek, ularning suhbatidan ayrim parchalar rasmiy translyatsiyaga tushib qolgan. Suhbat davomida Si Jinping inson umri davomiyligi haqida fikr bildirib, ilgari odamlar 70 yoshga yetmasdan vafot etganini, bugun esa 70 yoshda ham odam o‘zini boladek his qilishi mumkinligini ta’kidlagandi. Putin esa biotexnologiyalar taraqqiyoti natijasida inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish orqali umrni uzaytirish, hatto «umrboqiylikka» erishish mumkinligini aytgandi. Si Jinping esa javoban bu asrda insonlar 150 yoshgacha yashashi mumkinligi haqidagi bashoratlarni tilga olgan o‘shanda. Aytish kerakki, Putin ham, Si ham 72 yoshda. Putinning beshinchi prezidentlik muddati 2030 yilda, Sining uchinchi vakolat muddati esa 2028 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Si Jinping Putinga 150 yillik umr haqida bekorga gapirmagan: Xitoy olimlari yoshartiruvchi in’eksiya yaratdi | Vaqt.uz