
Si Jinping yuanni global zaxira valutaga olib chiqishga chaqirdi
Xitoy rahbari yuanni xalqaro savdo va moliyada faol qo‘llanadigan kuchli valutaga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping yuanga jahon zaxira valuta maqomini berish g‘oyasini ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat xalqaro savdo, investitsiya va valuta bozorlarida keng qo‘llaniladigan barqaror va ishonchli pul birligini shakllantirishi kerak. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Si Jinping partiyaning «Qiushi» jurnalida e’lon qilingan maqolasida Xitoyning uzoq muddatli maqsadi kuchli valuta orqali global iqtisodiy jarayonlarda ta’sirini oshirish ekanini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday maqsadga erishish uchun samarali pul-kredit siyosatini yurituvchi kuchli markaziy bank hamda xalqaro kapitalni jalb qila oladigan raqobatbardosh moliyaviy institutlar zarur.
Xitoy rahbarining bayonoti jahon bozorlarida noaniqlik kuchayib borayotgan bir paytda yangramoqda. AQSH dollarining nisbiy zaiflashuvi, Federal zaxira tizimi rahbariyatida ehtimoliy o‘zgarishlar, shuningdek geosiyosiy va savdo ziddiyatlari markaziy banklarni dollar aktivlariga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqishga undamoqda.
Pekinning asosiy maqsadi
The Asia Group tahlil markazining Xitoy bo‘yicha direktori Xan Shen Lin fikricha, Pekin dollar o‘rnini to‘liq egallashni emas, balki yuanni AQSH ta’sirini cheklovchi strategik muvozanat vositasi sifatida ko‘rmoqda. 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin yuan jahon savdosini moliyalashtirishda ikkinchi yirik valutaga aylangan, ammo uning rasmiy zaxiralardagi o‘rni hali ham cheklangan.
Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning uchinchi choragida dollar jahon zaxiralarining taxminan 57 foizini tashkil etgan. Yevro ulushi 20 foiz atrofida bo‘lgan, yuan esa atigi 1,93 foiz bilan oltinchi o‘rinda qolmoqda.





