add

Sibirni «o‘zbeklar yurti» degan deputat siyosiy sahnadan ketkazildi

18.07.2025 | 22:3021233

Rossiyaning Xanti-Mansiysk okrugi deputati Xolid Tagi-Zade Sibirni «o‘zbeklar tarixiy vatani» deb atagani ortidan keskin tanqidlarga uchradi va deputatlik mandatidan voz kechdi.

Sibirni «o‘zbeklar yurti» degan deputat siyosiy sahnadan ketkazildi
Xanti-Mansiysk avtonom okrugi (XMAO) Duma deputati Xolid Tagi-zade, may oyida okrugni «o‘zbeklarning tarixiy vatani» deb atagani uchun tanqid o‘qiga duch kelganidan so‘ng, 21 iyuldan boshlab o‘z xohishi bilan deputatlik mandatini topshirdi. Bu haqda «Kommersant’» nashri ma’lum qildi. Tagi-zade 7 iyulda mandatdan voz kechish bo‘yicha ariza yozgan bo‘lsa-da, bu haqdagi ma’lumot ommaga endi yetib keldi. Deputat ilgari okrug ijtimoiy rivojlanish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, ammo bahsli bayonotidan so‘ng bu lavozimdan ham mahrum etilgan. Avvalroq, u migrantlar soni ortishi muhokamasi chog‘ida Xanti-Mansiysk avtonom okrugining bir qismi «Sibir xonligi» — o‘zbeklar sulolasi Shayboniylar hukmronlik qilgan hudud bo‘lganini ta’kidlagan. «Migrantlar turli xil bo‘ladi. O‘zbeklarga kelsak, bizning Yugra va Tyumen viloyatining bir qismi tarixan Sibir xonligi hisoblangan. Buxoro xonligidan kelib chiqqan o‘zbek Shiboniylar sulolasidan bo‘lgan Ko‘chum xon hukmronlik qilgan. Ehtimol, migrantlar bu yerga o‘zlarining tarixiy vataniga kelishayotgandir», - deb ta’kidlagandi u. Uning so‘zlari shov-shuvlarga sabab bo‘ldi — ayrim deputatlar buni ekstremizm deb baholashni so‘rab, FXX va prokuraturaga murojaat qilgan. Ammo mutaxassislar tahlilida ekstremizm alomatlari topilmagan. Shunga qaramay, Tagi-zade siyosiy sahnada deyarli chetlatilgan shaxsga aylandi. 16 iyul kuni Dumada uning mandatdan voz kechish to‘g‘risidagi arizasi rasman ma’qullandi.

Teglar

Mavzuga oid