add

Siyosiy rotatsiya: Prezident Administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Prezident Administratsiyasida qator lavozim tayinlovlari amalga oshirildi. Ushbu tayinlovlar natijasida bir qator amaldorlar lavozimini saqlab qoldi, ayrimlar esa yangi vazifalarga o‘tdi.

Siyosiy rotatsiya: Prezident Administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi
Xususan, sobiq ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U shu kunga qadar kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Galina Saidova Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Amalda u shu vaqtgacha ham iqtisodiyot sohasini rivojlantirish va investitsiya siyosatiga mas’ul maslahatchining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan. Obid Hakimov ham shunga o‘xshash holatda, Prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori etib tayinlandi. Bungacha u ayni shu vazifalarni amalga oshirayotgandi, faqat boshqa nomda. Abdusalom Azizov esa ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilinib, nodavlat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchining o‘rinbosari etib qayta tayinlandi. Uning asosiy ish yo‘nalishi o‘zgarmagan. Ayni yo‘nalishda yana ikki shaxs — Muzaffar Kamilov va Rustam Kamilov ham Prezident maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Muzaffar Kamilov avvalgi faoliyatida shu yo‘nalishda maslahatchi bo‘lib ishlagan, keyin Xalqaro islom akademiyasi rektori vazifasini bajargan edi. Rustam Kamilov esa 2022 yildan buyon Administratsiyada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va jamoat loyihalari bo‘yicha sho‘’ba mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Tashqi siyosat yo‘nalishida esa Javlon Vahobov Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari — Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori etib tayinlandi. U 2017–2023 yillarda AQSH, Kanada va Braziliyada elchi bo‘lib ishlagan, 2023 yilda esa mazkur institutga rahbar etib tayinlangan edi. Bahodir Toshmatov esa Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U avvaldan Qurolli kuchlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha shu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgandi. Yig‘ma tarzda qaraydigan bo‘lsak, tayinlovlar natijasida Muzaffar Kamilov Prezident Administratsiyasiga qaytdi, Javlon Vahobov Abdulaziz Komilovga, Rustam Kamilov esa Ruslanbek Davletovga o‘rinbosar bo‘ldi. Po‘lat Bobojonov, Galina Saidova, Obid Hakimov, Abdusalom Azizov va Bahodir Toshmatov esa lavozimlarini amalan saqlab qoldi.

Teglar

Mavzuga oid