
«Škoda Group» O‘zbekistonga yana poyezd sotmoqchi — bu safar YI ko‘magida
O‘zbekiston temir yo‘llari va Chexiyaning «Škoda Group» kompaniyasi o‘rtasidagi 320 million yevrolik to‘xtab qolgan loyiha qayta jonlanishi kutilmoqda.

Chexiyaning «Škoda Group» kompaniyasi O‘zbekistonda yirik temir yo‘l shartnomasi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
To‘xtab qolgan shartnoma va yangi muzokaralar
2023 yilda kompaniya «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan qiymati 320 mln yevroga teng 30 ta elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Rejaga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayoni 2024 yilda boshlanishi lozim bo‘lgan. Biroq eksportni moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar sababli kelishuv amalga oshmay qolgan.
Bu safar kompaniya Chexiya davlat sug‘urta agentligi EGAP, Yevropa komissiyasi va «Global Gateway» dasturi ko‘magida shakllantirilgan yangilangan taklif bilan qaytgan.
Qayd etilishicha, kompaniya O‘zbekistonga 30 ta poyezd yetkazib berishni, kelgusida esa shartnoma hajmini 100 tagacha oshirishni ko‘zlamoqda.
Kompaniya bayonotida ta’kidlanishicha, bosh direktor Petr Novotni o‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurib, muzokaralarda shaxsan ishtirok etgan.
«Ikki yillik muzokaralardan so‘ng biz Yevropa Ittifoqi va Chexiya ko‘magini uyg‘unlashtirib, O‘zbekiston hukumatiga yaxlit va har tomonlama pishiq taklif taqdim etishga erishdik. Shuning evaziga ushbu yechim hozirda nihoyatda hayotiydir», — degan Novot.
O‘zbekiston — Škoda Group uchun strategik bozor
Bayonotda, shuningdek, hozirgi vaqtda O‘zbekiston «Škoda Group» uchun Yevropadan tashqaridagi asosiy strategik yo‘nalish ekani va agar kompaniya mamlakat bozorida muvaffaqiyat qozonsa, butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun xizmat qiluvchi yirik xab tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan.





