
Smartbank nomini rasman Openbank’ga o‘zgartirdi
Bank faoliyati yangi nom ostida davom etadi va xizmatlar amaldagi tartibda ko‘rsatiladi.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Smartbank o‘z nomini Openbank’ga o‘zgartirdi. Bu haqda Bank matbuot xizmati ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, moliya muassasasi endilikda yangi nom ostida ish olib boradi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish esa amaldagi tartibda saqlanadi.
Bankning rasmiy sayti openbank.uz domeni orqali ishlay boshladi, shuningdek, Telegram kanali ham rebrendingga mos ravishda yangilangan. Mas’ullarning ta’kidlashicha, xizmat ko‘rsatishda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi va bank yangi imkoniyatlar yaratishda davom etadi.
Bank nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror joriy yil 17 iyunda aksiyadorlarning yillik yig‘ilishida 100 foiz kvorum bilan qabul qilingan. Ta’sischilar bir ovozdan yangi nom sifatida Openbank’ni ma’qullagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bank aksiyalarining 85,1 foizi Future Open Technology Group kompaniyasiga tegishli. Shuningdek, Komilxo‘ja Sultonov 10 foiz, Zafar Adilov esa 4,9 foiz ulushga ega.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank Smartbank’ga 2022 yil dekabrda litsenziya bergan. U Turkiston Bank va Hi-Tech Bank litsenziyalari bekor qilinganidan keyin ochilgan birinchi bank bo‘lgan. Rebrending orqali moliya muassasasi raqamli xizmatlar sohasida o‘z pozitsiyasini mustahkamlashni maqsad qilmoqda.





