add

Sobiq amaldorlar qamoqda...mi?

26.01.2026 | 17:133 daqiqa

Prezident ishdan olgan uch amaldor qamoqqa olingani aytilmoqda. Ular Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i bo‘lgan Rustam Tursunov va yaqindagina o‘rnini Sang‘inovga bo‘shatib bergan «O‘zbekneftgaz»ning sobiq rahbari Bahodir Siddiqov. Ammo hozirgacha rasmiy idoralar bu haqda axborot bergani yoki ular haqiqatan ham qamoqqa olinganini tasdiqlagani yo‘q.



Ishdan olinishidan avval yuqori lavozimda ishlagan mansabdorlar qamoqqa olinsa yoki sud qilinsa, faqat gap-so‘zlar bolalaydi. Hamma OAVlar o‘z manbalariga tayanib axborot beradi xolos. Na sobiq amaldorlar ishlab ketgan organ, na jinoyat ishini tergov qiladiganlar ma’lumot bermaydi. Matbuot kotiblari ham bilmaymandan narigiga o‘tmaydi, odatda. Yoki san-salor qilishadi. Buning ortidan tarmoqlarda turli axborotlar tarqaladi va odamlar kimga, qaysi manbaga ishonishni bilmay ham qoladi.

Bu holatda ham aynan shundan bo‘ldi. Yanvar oyi boshida IIVning sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunov qamoqqa olingani haqidagi gaplar bolaladi.

Tarqalgan xabarlarda ikki mulozim yirik miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirgani aytilmoqda. Yanvar oyi boshida tarmoqlarga sizdirilgan bu xabarni yanvar oyi oxiriga kelib ham hech qaysi idora tasdiqlamadi.

Agar ular haqiqatan ham qamoqqa olingan bo‘lsa, kabinetidan olib chiqib ketilmagani aniq. Chunki 2025-yilning noyabr oyi boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimidan, Prezident farmoyishi bilan Rustam Rahmonovich Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan edi.

Ishdan olib, qamoqqa tashlanishi aytilmoqdagan polkovnik Bekmurod Abdullayev 2021 yilning aprel oyida Prezidentning tegishli qaroriga asosan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Ungacha u O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Kuch tuzilmasining qamoqqa olingani aytilgan yana bir sobiq xodimi Rustam Tursunov. U Navoiy viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan va 2021-yilning fevral oyida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi.

Tursunov jamoatchilikka u qadar ochiq bo‘lmagan rahbar qatorida turgan.

Ikki mulozim nega ishdan olingani hozirgacha ochiqlanmagan. O‘sha vaqtda ularning jinoyat sodir etgani aniqmidi yoki boshqa sabab bilan ishdan olinganmi — bu bizga qorong‘u.

Yuqorida keltirganimiz ishdan bo‘shatilgan va qamoqqa olingani aytilayotgan uchinchi amaldor — "O‘zbekneftgaz" boshqaruvi raisi lavozimida ikki muddat ishlagan Bahodir Siddiqov.

U 2019 yil fevraldan 2020 yil yanvargacha "O‘zbekneftgaz"ni boshqargan. Oradan uch yil o‘tib, 2023 yilning 12-martda yana shu lavozimga qaytgan edi.

2025-yilning dekabrida boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ishdan olingan “O‘zbekneftgaz”ning sobiq rahbari ham qamoqda ekani aytilmoqda.

Yuqorida aytganimizdek, har uch rahbarning qamoqda ekani, rost yoki yolg‘onligi, ular qaysi jinoyatlarda ayblanayaptgani haqida rasmiy izoh berilgani yo‘q.

Amaldorlar ishdan olib, hali o‘rni to‘lganicha yo‘q. Jazoni ijro etish departamenti boshiga yangi rahbar kelmadi. Bekmurod Abdullayev o‘rni ham vakant ekanini vazirlik saytidan ko‘rish mumkin. Bahodir Siddiqov esa o‘rnini allaqachon Abdug‘ani Sang‘inovga bo‘shatib ketgan edi.

Gap kuch tuzilmalari va strategik davlat kompaniyalarini boshqargan shaxslar haqida ketayapgan ekan, bu mavzuda ochiqlik bo‘lishi jamoatchilik uchun ayniqsa muhim. Rasmiy idoralarning sukuti bir tomondan tergov siriga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq boshqa tomondan, bu sukut axborot bo‘shlig‘ini keltirib chiqaradi va u bo‘shliq turli mish-mishlar bilan to‘ldiriladi.

Teglar

Feruza Najmiddinova

Feruza NajmiddinovaMaqolalar soni: 5

Barchasi

Mavzuga oid