add

Sodiq Safoyev: «Toshkent propiskasi sharmandali tizim edi»

Kecha 21:202 daqiqa

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Toshkentda yillar davomida amal qilgan propiska tartibi shahar rivoji va inson huquqlariga jiddiy to‘siq bo‘lganini aytdi.

Sodiq Safoyev: «Toshkent propiskasi sharmandali tizim edi»© Фото: Ўзбекистон 24

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusidaToshkent shahrida ilgari mavjud bo‘lgan propiska tizimi inson qadr-qimmatiga zid va shahar taraqqiyotini cheklagan mexanizm bo‘lganligi haqida gapirdi.

«Davlat rahbarining inson huquqlarini o‘ylagan holda olib borgan siyosati ilgarigi sharmandali propiska tizimini yo‘q qilishga olib keldi. Bu endi nima degan gap? Shu vatanning farzandi bo‘la turib, insonlar kelib, Toshkent shahrida o‘z xohishi bilan yashay olmagan. Bu taqiqlangan, ularga ish berilmagan, ro‘yxatdan ham o‘tkazilmagan», — deydi Safoyev.

Uning ta’kidlashicha, mazkur tizim nafaqat fuqarolarning erkin yashash huquqini cheklagan, balki poytaxtning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, Safoyev Yangi O‘zbekiston va Yangi Toshkent doirasida amalga oshirilayotgan strategik o‘zgarishlar haqida so‘z yuritar ekan, Toshkent ko‘p yillar davomida rejali shaharsozlikdan chetda qolganini qayd etdi. Uning aytishicha, shaharda jamoatchilik transporti emas, asosan shaxsiy avtomobillarga ustuvorlik berilgan, natijada infratuzilma odamlar ehtiyojidan ko‘ra transport oqimiga moslashtirilgan.

Senatorga ko‘ra, bunday holat yuzaga kelishida propiska tizimining qattiq tartibi muhim omil bo‘lgan. Fuqarolar Toshkentda erkin yashash, ishga joylashish va qonuniy ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatidan mahrum qilingan. Bu esa poytaxtning ochiq va inklyuziv shahar sifatida rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan.

Safoyev davlat rahbari tomonidan inson huquqlarini ustuvor qo‘ygan siyosat natijasida mazkur tizim bekor qilinganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror fuqarolarning o‘z xohishiga ko‘ra yashash va mehnat qilish huquqini ta’minlashda muhim qadam bo‘lgan.

Suhbat davomida jamoatchilik transporti, xususan metro tizimi so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlangani qayd etildi. Shunga qaramay, mavjud muammolarni kompleks hal etish uchun Yangi Toshkent loyihasi amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun: deyarli 30 yil davom etgan doimiy propiska talabi 2020 yil aprelida Prezident farmoni bilan bekor qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid

undefined | Vaqt.uz