Logo

Sudlar tizimida 2027-yildan yangi tartib joriy etiladi

O‘zbekistonda sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishdan tortib raqamli xizmatlargacha bo‘lgan tizimni o‘zgartiruvchi «Odil sudlov – 2030» strategiyasi tasdiqlandi.

Sudlar tizimida 2027-yildan yangi tartib joriy etiladi © crypto.runfyers.com

Prezident Shavkat Mirziyoyev sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuvda 2030-yilgacha sudlarni rivojlantirish strategiyasini ma’qulladi. Unda 57 ta vazifa va 33 ta maqsad belgilangan.

Strategiyaga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Ular quyi sudlar qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqadi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanadi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishiga chek qo‘yadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.

Hujjatda fuqarolik sudlarini 2030-yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda tashkil etish nazarda tutilgan. Sudga noto‘g‘ri yuborilgan ariza fuqaroga qaytarilmaydi, balki tegishli sudga o‘tkaziladi.

Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish yagona darcha asosida yo‘lga qo‘yiladi. Sudlar arizalardagi juz’iy kamchiliklarni bartaraf etishda fuqaroga ko‘maklashadi.

Tadbirkorlarga yengillik


Iqtisodiy nizolarni tezroq hal qilish uchun «iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish» standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta topshirishini kamaytirishga qaratilgan.

Tergov va surishtiruv bosqichida inson huquqlarini kuchaytirish uchun «asosli gumon» standarti kiritiladi.

Tergov sudyasi ushlab turish qonuniyligini, gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshiradi, qo‘shimcha hujjatlar talab qilishi mumkin. Bu orqali shaxs erkinligining asossiz cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsad qilingan.

Yagona sud amaliyotini ta’minlash uchun Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq «Pretsedentlar reyestri» yuritiladi. 2028-yildan sudyalarni tashkiliy vazifalardan ozod etish uchun «sud ma’murchiligi» instituti joriy etiladi.

Raqamlashtirish tezlashadi


«Raqamli sud» konsepsiyasi barcha sudlarda to‘liq ishga tushiriladi. «my.sud.uz» portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklda berish, majlislarning 100 foizini audioyozuvda qayd etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mediatsiya va yarashuv mexanizmlari kengaytiriladi, noqonuniy deb topilgan ma’muriy hujjatlarning ochiq reyestri yuritiladi. «Xalq vakillari hay’ati» ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari kamida 3 taga yetkaziladi.

Strategiya 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan 160 ta chora-tadbirdan iborat harakatlar dasturi bilan amalga oshiriladi. Unda sud mustaqilligini mustahkamlash, sudyalar hamjamiyati samaradorligini oshirish va kadrlarni xorijda malaka oshirish bo‘yicha takliflar ham bor. Prezident loyihani ma’qullab, islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan farmonni imzoladi.

Teglar

Mavzuga oid