
Sun’iy intellekt suv inqirozini kuchaytirishi mumkin
16.07.2025 | 18:0014843
Sun’iy intellekt dasturlarini ishlatish jarayonida yuqori energiya va suv sarfi global suv tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin. Bu haqda mutaxassislar ogohlantirmoqda.

Uskudar universiteti mutaxassislari va xalqaro tahlilchilar fikricha, sun’iy intellekt (SI) dasturlari ishlab chiqilishi va faoliyati jarayonida katta miqdorda energiya va suv sarflanadi. Bu esa global miqyosda suv resurslariga bo‘lgan bosimni kuchaytirishi mumkin.
Inji Qoraqoshning ta’kidlashicha, SI uchun yuqori unumdor hisoblash uskunalari kerak bo‘ladi. Ularning qizib ketishining oldini olish maqsadida sovutish tizimlarida katta hajmda chuchuk suv ishlatiladi. Bir modelni ishlatish jarayonida taxminan 700 ming litr chuchuk suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri bug‘lanishi mumkin.
Kaliforniya universiteti tadqiqotiga ko‘ra, 2027 yilgacha SI tizimlari tomonidan 4,2–6,6 mlrd kub metrgacha suv iste’mol qilinishi mumkin. Bu suv asosan ichimlik va maishiy ehtiyojlar uchun kerak bo‘lgan yer usti suv manbalaridan olinadi.
Shuningdek, chiplar, serverlar va sun’iy idrok modellari yaratilishida ham elektr energiyasi ishlatiladi. Uning ishlab chiqarilishida ham bilvosita ravishda katta miqdorda suv kerak bo‘ladi. Bu jarayonlar nafaqat suv inqirozini, balki karbonat angidrid emissiyasini ham kuchaytiradi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida ekspertlar SI bilan bog‘liq jarayonlarda suv va energiya izini muntazam kuzatish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish va sovutishda ichimlik suvidan foydalanishni cheklashni tavsiya qilmoqda.





