
Suriya Turkiyadan harbiy yordam so‘radi — Anqaradan rasmiy bayonot
23.07.2025 | 19:3015225
Suriya rasmiylari Turkiya hukumatidan mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash va terrorchilikka qarshi kurashda yordam berishni so‘radi.

Suriya rahbariyati Turkiyadan harbiy masalalarda ko‘mak so‘rab, «terroristik guruhlarga qarshi, ayniqsa ISHIDga qarshi» birgalikda kurashish zarurligini ma’lum qilgan. Turkiya Mudofaa vazirligi bu murojaatga javoban mashg‘ulotlar, maslahat va texnik yordam ko‘rsatish yuzasidan ish olib borayotganini bildirdi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.
Anqaraning bayonotida Turkiyaning asosiy maqsadi — Suriyaning hududiy yaxlitligi va siyosiy birligini ta’minlash ekani qayd etilgan. Mazkur qadamlar 2025 yil boshida ikki davlat o‘rtasida olib borilgan muzokaralar mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.
«Suriyalik rasmiylar Turkiyadan rasmiy ravishda yordam so‘radi – bu yordam, asosan, mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlash va ISHID boshchiligidagi terroristik guruhlarga qarshi kurashish bo‘yicha bo‘ladi», - deyiladi xabarda.
Turkiya Mudofaa vazirligi Suriyaga yordam berishi va mamlakatni doimgidek qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
«Turkiya Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlash, mamlakatda barqarorlikni ta’minlash va terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashish masalalarida qat’iy pozitsiyada qolmoqda», - deyiladi xabarda.
Biroq, Turkiya Suriyaga qanday uslubda yordam ko‘rsatilishi, mamlakat hududiga qo‘shin kiritish imkoniyati haqida aniq ma’lumot bermagan.
13 iyul kuni Suriyaning Suvayda viloyatidagi mojaro bir druz savdogarining kaltaklanib, o‘g‘irlab ketilishi bilan boshlandi. Bu voqeadan so‘ng hududdagi zo‘ravonliklar tez orada keng ko‘lamli to‘qnashuvlarga aylandi. Javob chorasi sifatida Suriya hukumati 14 iyul kuni viloyat markaziga qo‘shin kiritdi.
Bir necha kun o‘tib, Isroil harbiy-havo kuchlari Suriya mojarosiga aralashdi. 16 iyul kuni Damashqdagi Prezident saroyi, Mudofaa vazirligi va Bosh shtabga havo zarbalari berildi. Hujumlar shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada erishilgan vaqtinchalik sulh bilan bir vaqtda amalga oshirildi. Isroil zarbalari Damashq va Daraa shaharlariga ham yo‘naltirildi.
19 iyul kuni AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barak Isroil va Suriya rahbarlari o‘rtasida otashkesimga kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan. Shu asosda Suriyaning vaqtinchalik prezidenti Axmad ash-Sharo mamlakat bo‘ylab total otashkesim e’lon qilgan.





