
Suriyada yangi hayot: Asadning Ferrari va Mercedes'lari xalqqa qaytarilmoqda
08.09.2025 | 15:5013024
U qimmatbaho avtomobillardan kolleksiya qilgan. Kolleksiyasida jahonda atigi 300 nusxada ishlab chiqarilgan Mercedes SL65 AMG Black Series kupesi, jami 349 ta ishlab chiqarilgan Ferrari F50 hatto Audi R8 superkari ham bor.

Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad kolleksiyasidagi noyob superkarlar Damashqda kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Bu haqda focus.ua ma’lum qildi.
Kimoshdi savdosiga Suriyaning yangi prezidenti Ahmad ash-Sharaa tashrif buyuradi. Avtomobillardan tushgan barcha mablag‘ Suriya taraqqiyot jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Bashar Asadning avtomobillari navbatma-navbat sotiladi. Birinchi bosqichda uchta superkar savdoga qo‘yiladi, ularning eng qimmati 3-4 million dollar turuvchi Ferrari F50 hisoblanadi.
Jami 349 ta Ferrari F50 ishlab chiqarilgan. Bu superkar «Formula-1» dvigateli asosida yaratilgan 4,7 litrli, 520 ot kuchiga ega V12 dvigatel bilan jihozlangan. U 3,7 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi va maksimal tezligi 325 km/soatga yetadi.
Mercedes SL65 AMG Black Series kupesining narxi 500 ming dollar atrofida baholanmoqda. 670 ot kuchiga ega V12 qo‘sh turbinali bu superkardan atigi 300 ta ishlab chiqarilgan. Avtomobil 3,8 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi va maksimal tezligi 320 km/soatni tashkil etadi.
Shuningdek, 525 ot kuchiga ega 5,2 litrli Lamborghini V10 dvigateliga ega birinchi avlod Audi R8 superkari ham savdoga qo‘yiladi.
2025 yil 8 sentyabr kuni Damashq shahridagi tarixiy qal’ada Suriyaning yangi rahbariyati tomonidan milliy rivojlanish fondi taqdim etildi. Prezident Ahmad al-Shara tadbirni ocharkan, bu fond mamlakatda Asad rejimi ag‘darilgandan keyingi tiklanish jarayonining ramziga aylanishi lozimligini ta’kidladi.
Tadbir butun mamlakat bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etildi. Prezident al-Sharaa o‘z nutqida Asad rejimi iqtisodiyotni vayron qilgani, xalqning mol-mulki talon qilingani va millionlab insonlar qochqinga aylanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi fondning asosiy maqsadi aholini o‘z joylariga qaytarish va qishloq xo‘jaligini tiklashdan iborat.





