
Suriyaga joriy etilgan sanksiyalar bekor qilinadimi?
13.05.2025 | 14:4528033
Suriyaning muvaqqat rahbari Ahmad ash-Shar’a Donald Trampga AQSHga tabiiy boyliklarga kirish imkoniyati berish evaziga sanksiyalarni bekor qilishni taklif qildi. Tramp buni «yangi start» sifatida baholab, cheklovlarni yumshatish imkoni borligini bildirdi.

The Times nashrining yozishicha, Suriyada hokimiyatni vaqtincha o‘z qo‘liga olgan va «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhining yetakchisi hisoblangan Ahmad ash-Shar’a Donald Tramp ma’muriyatiga sanksiyalarni bekor qilish evaziga tabiiy resurslardan foydalanish huquqini taklif qilgan. Ushbu kelishuv Ukraina bilan tuzilgan so‘nggi resurs shartnomasiga o‘xshatilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, Shar’a Damashqda «Tramp minorasi» qurilishi ham mumkinligini bildirgan. Bu tashabbus ortida Saudiya Arabistoni va Turkiyaning yuqori lavozimli rasmiylari turishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Muzokaralarning tashkil etilishidan avval Shar’a va Tramp Saudiya Arabistonida uchrashishi kutilgan edi. Ammo 12 may kuni kechqurun uchrashuv bekor qilindi. The Times ma’lumotiga ko‘ra, AQSH milliy razvedka boshlig‘i Tulsi Gabbard ushbu muzokaralarga qarshi chiqqan.
Tramp Vashingtondan chiqishidan oldin Oq uydagi brifingda Suriyaga nisbatan sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish mumkinligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham Suriyaga nisbatan cheklovlarni yumshatishni so‘ragan.
Agar kelishuv amalga oshsa, bu Tramp ma’muriyati uchun Yaqin Sharqdagi yangi geosiyosiy strategik harakat sifatida baholanishi mumkin. Bu orqali AQSH Suriyadagi energetika resurslari ustidagi ta’sirini qayta tiklashga intilayotganini ko‘rish mumkin.





