
Suv xo‘jaligi vaziriga ikki yangi o‘rinbosar tayinlandi
17.10.2025 | 14:3036531
Prezident qaroriga muvofiq, Zokir Ishpulatov suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, Mirolimjon Karimov esa vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 15 oktyabrdagi qarori bilan Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayevga ikki yangi o‘rinbosar tayinlandi.
Zokir Eshkurbonovich Ishpulatov suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari — Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. U 2023 yildan buyon vazir o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.
Ishpulatov 1983 yil 24 iyunda Surxondaryo viloyati Termiz tumanida tug‘ilgan. 2005 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini bakalavr darajasida, 2009 yilda esa magistratura darajasida tamomlagan. U suv xo‘jaligi tizimidagi bir qator tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib, sohada katta amaliy tajriba to‘plagan.
Shu bilan birga, Mirolimjon Karimjon o‘g‘li Karimov suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U bu lavozimgacha Hisob palatasida bosh inspektor va shu’ba mudiri sifatida ishlagan.
Karimov 1977 yil 3 yanvarda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida tug‘ilgan. 2000 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bakalavriatini, 2002 yilda magistraturasini tamomlagan. U mehnat faoliyatini 1993 yilda Beshariq tumanidagi «Navbahor» ulgurji savdo bazasida ekspeditor sifatida boshlagan, keyinchalik xususiy sektor, bank va soliq tizimlarida faoliyat yuritgan.





