add

Tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirish orqali poytaxtda havo sifatini yaxshilash rejalashtirilmoqda

24.01.2026 | 20:402 daqiqa

Toshkentda shamol oqimlarini raqamli modellashtirish ventilyatsiyani havo aylanishini yaxshilash rejasi ishlab chiqilib, shahar ekologiyasiga ta’sir etuvchi asosiy omillar aniqlanadi.

Tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirish orqali poytaxtda havo sifatini yaxshilash rejalashtirilmoqda

Toshkent shahrida tabiiy ventilyatsiyani yaxshilash orqali chang-to‘zon va havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejalashtirilmoqda. Bu «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yili doirasida hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan. Asosiy maqsad — shaharda shamol oqimlarini erkinlashtirish orqali ekologik barqaror muhit yaratish. Loyiha doirasida shamol yo‘nalishlari va tabiiy ventilyatsiya holatini ilmiy asosda o‘rganish rejalashtirilgan. Urbanistik modellashtirish orqali shamol to‘silib qoladigan hududlar aniqlanadi va havo aylanishiga salbiy ta’sir etuvchi omillar baholanadi.

Ilmiy modellashtirish

Toshkentda Urban digital twins texnologiyalari joriy etilib, shaharning raqamli shamol modeli ishlab chiqiladi. Bu orqali shamol tezligi, yo‘nalishi va binolar zichligining havo harakatiga ta’siri kompleks tahlil qilinadi. Shuningdek, shahar hududida tabiiy ventilyatsiya koridorlari belgilab olinib, ularni cheklayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi. Rejalashtirilayotgan binolar qavatliligini pasaytirish, ochiq maydonlarni kengaytirish orqali shamol aylanishini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Aholi yashaydigan hududlarda maxsus datchiklar orqali shamol va havo holati doimiy monitoring qilinadi.

Kutilayotgan natijalar

Tadqiqotlar yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrining bosh rejasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgan. Kutilishicha, 1,5–3 metr balandlikda shamolning o‘rtacha tezligi 25 foizgacha oshadi, shamolsiz kunlar soni esa yil davomida 30 foizga kamayadi. Bundan tashqari, PM2,5 zarrachalari yuqori bo‘lgan kunlar sonini 25 foizga qisqartirish, yozda havo haroratini 0,5–1,5 darajaga pasaytirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, respublika hududlarida yashil bog‘lar, «yashil devorlar», botanika bog‘lari va soya-salqin ko‘chalar barpo etish orqali chang-to‘zon ta’sirini kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid