add

Tadbirkorlar uchun davlat va xususiy xizmatlarni jamlagan «Biznes hamroh» markazlari ochiladi

01.12.2025 | 19:582292 daqiqa

Prezident huzuridagi taqdimotda tadbirkorlarning murojaatlariga tunu kun javob beradigan «koll-markaz» ham tashkil etilishi qayd etildi.

Tadbirkorlar uchun davlat va xususiy xizmatlarni jamlagan «Biznes hamroh» markazlari ochiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda O‘zbekiston 2030 yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilinib, mazkur ko‘rsatkichga erishish uchun an’anaviy bozorlar bilan cheklanmasdan yuqori marjali yangi bozorlarga chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, bu borada tashqi bozorlardagi yetakchi iste’mol segmentlari va yuqori talabga ega mahsulotlar bo‘yicha chuqur tahlil olib borildi. Natijada qurilish materiallari, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, mashinasozlik va metallarga oid yo‘nalishlarda eksportni yanada oshirish uchun mamlakatda katta zaxira hamda imkoniyat borligi aniqlandi.

Shu munosabat bilan taqdimotda istiqbolli bozor hisoblangan mamlakatlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirib, eksport-import hajmi o‘sishiga mos ravishda chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasi va quvvatini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan “Biznes hamroh” markazlarini ochish taklif qilindi.

Rejaga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan markazlarda barcha davlat va xususiy xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida bir joyda, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkorlarning murojaatlariga tunu kun javob beradigan «koll-markaz» ham tashkil etiladi.

Prezident taklifni ma’qullab, markaz tadbirkorlik sub’ektini tashkil etishdan tortib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni sotish va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olishi zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

Avvalroq prezidentning tegishli qarori bilan O‘zbekistonda «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili joriy etilishi ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid