
Talabalar o‘rtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi
Prezident bosh rejalarni ishlab chiqishda mahalliy mutaxassislar emas, xorijlik mutaxassislar jalb qilinayotganini tanqid qildi.

Prezident 23-yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakat hududlarining bosh rejalarini ishlab chiqishda mahalliy salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotganini tanqid qildi.
Prezidentga ko‘ra, hozirgi paytda bosh rejalarni tayyorlash uchun Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Turkiyadan mutaxassislar jalb etilmoqda. Holbuki, O‘zbekistondagi 18 ta oliy ta’lim muassasasida arxitektura yo‘nalishida yiliga qariyb 7 ming nafar mutaxassis tayyorlanadi.
Shu munosabat bilan hokimlarga bitiruvchi talabalarni 903 ta «og‘ir» mahallaning bosh rejasini ishlab chiqishga jalb qilish taklif etildi. Talabalar xorijlik mutaxassislarga biriktirilib, bu jarayon ular uchun amaliy tajriba va kasbiy maktab bo‘lishi qayd etildi.
Shuningdek, talabalar o‘rtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus tanlov e’lon qilinadi.
«Talabalar o‘rtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Bunday mahallalarga yangicha qiyofa olib kiradigan eng zo‘r loyihalarni ishlab chiqqan talabalar jamoasiga 100 million so‘mdan mukofot beriladi», — dedi prezident.
Bu orqali zamonaviy yosh arxitektor va urbanistlar korpusini shakllantirish maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «og‘ir» tuman va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun mahalliy budjetga 20 trillion so‘m ajratilishi haqida xabar bergan edik.





