Tehron Vashingtonga javob berdi: urush taqdirini Eron hal qiladi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush amalda tugaganini aytgan bo‘lsa, Tehron bu bayonotni rad etdi.

Tehron Vashingtonga javob berdi: urush taqdirini Eron hal qiladi

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) AQSH prezidenti Donald Trampning Eron bilan urush tez orada tugashi haqidagi so‘zlariga keskin munosabat bildirdi.

IIMKning javobi

«Urush qachon tugashini aynan biz hal qilamiz. Jang maydonidagi shartlar va urushning yakuni Islom Respublikasi qo‘lida», — deyiladi 9-mart kuni «Tasnim» agentligi tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Avvalroq Tramp Eronga qarshi urush kutilganidan ancha tezroq yakunlanishi mumkinligini aytgan edi.

«Menimcha, urush amalda tugadi. Ularda na flot, na aloqa tizimlari va na harbiy-havo kuchlari qoldi», — dedi AQSH prezidenti.

Shuningdek, u urush rejadan ancha ilgarilab ketganini da’vo qilgan.

Fevral oyi oxirida Tramp urush to‘rt-besh hafta davom etishi haqida gapirgan bo‘lsa, o‘tgan hafta oxirida Oq uy matbuot kotibi Karolayn Livitt bu muddat to‘rt-olti hafta bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Eron: AQSH bilan muzokaralar bo‘lmaydi

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy Eron raketa zarbalarini «qancha kerak bo‘lsa, shuncha» davom ettirishini ma’lum qildi.

9-mart kuni «PBS News» telekanalidagi chiqishida u mamlakatga zarbalar berilayotganini, ammo Eron bunga «tayyor» ekanini aytdi.

«Biz ularga raketalarimiz bilan qancha kerak bo‘lsa, shuncha hujum qilishga to‘liq tayyormiz», — deb ta’kidladi Araqchiy.

Eron vaziri AQSH bilan yangi muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini inkor etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron «amerikaliklar bilan muzokaralar borasida juda achchiq tajriba orttirgan». Shu bois, vazir yaqin istiqbolda Vashington bilan muzokaralar o‘tkazilishi kun tartibidan joy olishini kutmayapti.

Mintaqadagi mojaro

AQSH va Isroil fevral oyi oxirida Eronga havo zarbalarini berishni boshlagan edi. Ushbu hujumlar davomida oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari o‘ldirildi. Tehron bunga javoban Isroilga, Fors ko‘rfazining bir qator davlatlariga va mintaqadagi Amerika obyektlariga zarbalar berdi. Urush boshlanishidan oldin AQSH va Eron yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan edi, biroq sezilarli natijaga erishilmagandi.

Teglar

Mavzuga oid