
Tehronga bergan zarbalarda IIMK razvedka boshlig‘i Kozimiy nobud etildi
16.06.2025 | 14:5948635
Isroilning keng ko‘lamli havo hujumi natijasida Eron razvedka xizmatining yuqori martabali rahbarlari, jumladan, IIMK bosh razvedkachisi Muhammad Kozimiy va uning o‘rinbosari halok bo‘ldi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Fox News’ga bergan intervyusida 15 iyunga o‘tar kechasi Tehronga berilgan zarba paytida Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) razvedka xizmatining rahbari brigadir general Muhammad Kazemiy va uning o‘rinbosari Hasan Mohaqqaq halok bo‘lganini ma’lum qildi. Hujumda ular bilan birga general Muhsin Boqiriyning katta ofitseri ham halok bo‘lgan.
SAHAL (Isroil mudofaa armiyasi) ushbu zarbani «Qo‘zg‘algan sher» deb nomlangan harbiy operatsiya doirasida amalga oshirdi. Unga ko‘ra, 50 ta qiruvchi samolyot ishtirok etgan havo hujumida 80 dan ortiq maqsadli nishon, jumladan, Eron Mudofaa vazirligi va yadroviy dastur boshqarmasi (SPND) qarorgohlari yo‘q qilindi. Israel International ma’lumotiga ko‘ra, Kozimiy va uning o‘rinbosari Tehron markazida joylashgan IIMK binosi vayron bo‘lishi oqibatida vayrona ostida qolgan.
SAHALning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri 20 dan ortiq yuqori darajali eronlik qo‘mondonlar nobud etilgan. Ular orasida IIMK bosh qo‘mondoni Hussayn Salomiy, «Al-Quds» bo‘limining rahbari Ismoil Qooniy, bosh shtab boshlig‘i Mohammad Boqiriy, aerokosmik kuchlar rahbari Amir Ali Hojizoda va boshqa yuqori lavozimdagi amaldorlar bor.
Shuningdek, Isroil hujumlarida Eron yadroviy dasturida ishtirok etgan 9 nafar yetakchi olim halok bo‘lgan. Ular orasida yadroviy muhandislik, kimyoviy texnologiya va materialshunoslik sohalari bo‘yicha mutaxassislar bo‘lgan.
Ikki tomon o‘rtasidagi eskalatsiya qurbonlar sonini ortishiga olib keldi. Eron rasmiylariga ko‘ra, Isroil zarbalarida 224 kishi halok bo‘lgan, shulardan 70 nafari ayol va bolalar. Yaralanganlar soni 1481 nafarni tashkil qilgan. Javob tariqasida Tehron yuzlab dron va ballistik raketalarni uchirgan. Isroil esa 20 nafar halok bo‘lgani va 400 dan ortiq kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp esa Eron oliy rahnamosi oyatulloh Aliy Xomanaiyni jismonan yo‘q qilish rejasiga veto qo‘ygani xabar qilingan edi. Bu ma’lumotni Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib tarqatdi.





