add

Temur Kapadze: «O‘FA rasmiy izoh bermayotgani meni qiynab qo‘ydi»

10.09.2025 | 19:2013073

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze uning o‘rniga xorijlik murabbiy kelishi haqidagi gaplar va rasmiy izoh yo‘qligi sabab charchaganini aytdi.

Temur Kapadze: «O‘FA rasmiy izoh bermayotgani meni qiynab qo‘ydi»

Temur Kapadze Oriat Dono radiosining «Futbol+» podkastida uning o‘rniga xorijlik murabbiy kelishi haqidagi gaplarga yana bir bor izoh berdi.

«Albatta, yangi murabbiy kelishi borasidagi gaplar turnir davomida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ish bilan chalg‘ishga harakat qilaman desam, ko‘rgan odam «Aka, nima bo‘lyapti?» deb so‘rayveradi. Hatto ayrim futbolchilar ham so‘rashdi.

Hammasini rasmiy izoh orqali tartibga solsa bo‘lardi. Agar xorijlik murabbiy jalb qilishmoqchi ekan, kichik matbuot anjumani tashkillashtirib «Jahon chempionati tajribasiga ega murabbiy qidiryapmiz. Temurga qilgan ishlari uchun rahmat», deb aytib qo‘yishsa bo‘lardi. Hamma menga savollar beraverdi. Shu tomondan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi meni qiynab qo‘ydi. Ehtimol, o‘zlari ham hali yakuniy qarorga kelishmagandir.

Agar top darajadagi xorijlik murabbiy kelsa, qarshiligim yo‘q. Uning yonida yurib, ko‘p narsa o‘rganishim mumkin», — dedi Kapadze

Avvalroq JCH-2026 da O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligiga kimlar nomzod ekanligi haqida yozgan edik.

Eslatib o‘tamiz, Temur Kapadze boshchiligida O‘zbekiston milliy jamoasi kuni-kecha CAFA Nations Cup turnirida ilk bor g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.

Teglar

Mavzuga oid