add

Termizda «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi g‘oliblari mukofot pulisiz qolmoqda

20.10.2025 | 15:5032204

Vaqt.uz manbasiga ko‘ra g‘oliblarga ajratilishi kerak bo‘lgan pullar Termiz shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa maqsadlarga yo‘naltirib yuborilgan.

Termizda «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi g‘oliblari mukofot pulisiz qolmoqda
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi yakunida kuzatilgan holat muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tanlovda Termiz shahridagi 3 maktab birinchi, 9 maktab ikkinchi va 16 maktab jamoasi uchinchi o‘rinni egallagan. Ammo uning yakunida faqat 1-o‘rin egalariga mukofot pullari topshirilgan, qolgan maktablar esa hozirgacha pullarini ololmayapti. Bu haqda inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov Facebook sahifasida ma’lum qildi. «Rasmga e’tibor berilsa, hammasi joyida, ammo mukofot muborak bo‘lmayapti-da. Boisi birinchi o‘rinning puli berilibdi, ammo boshqalariga pul yo‘q emish. Jajji bolakaylar esa vazirlikning bunday siyosatini tushunmay ota-onalariga tixirlik qilishayotganmish. Nima deysiz endi, bola bola-da!», – deb yozdi huquq faoli «Mukofot muborak bo‘lmayapti» nomli postida. Xabarga ilova qilingan suratda chindan, o‘quvchilarga pul mukofoti ko‘rsatilgan vaucherlar topshirilganini ko‘rish mumkin. Vaqt.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida holatdan xabardor bir necha shaxslar bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Ularga ko‘ra, tanlov g‘oliblariga yutuq pullari berilmayotgani Termiz shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limi xodimlari harakati bilan bog‘liq muammo hisoblanadi. Jumladan, tahririyat manbalariga bo‘limning bir necha xodimi tanlov uchun ajratilgan mablag‘larni boshqa maqsadlarda yo‘naltirib yuborgan. Hozirda viloyat va tuman moliya bo‘limi mablag‘ni joyiga qaytarish va uni g‘olib bo‘lgan maktablarga yetkazish ustida ish olib bormoqda. Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, tanlovning tuman (shahar) bosqichida 1-o‘rinni egallagan maktablar uchun — 100 million, 2-o‘rin uchun — 75 million, 3- o‘rin uchun esa 50 million so‘m miqdorida pul mukofotlari ajratilishi kerak. Surxondaryo viloyat hokimligi Axbrot xizmati ham mazkur vaziyatga oydinlik kiritilishini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid

Termizda «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovi g‘oliblari mukofot pulisiz qolmoqda | Vaqt.uz