
Texnikumlardagi ayrim o‘quvchilarga stipendiya beriladi
Yangi tartib texnikumlarda ham ishlab, ham o‘qib tahsil olayotgan yoshlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibini belgilaydi.
© Фото: Ўзбекистон темирйўллари Avvalroq Prezidentning tegishli qarori bilan dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga har oy bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanishi hamda ushbu davr mehnat stajiga qo‘shilishi belgilangandi.
Texnikumlarda dual ta’lim shaklida o‘qiyotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat dual ta’lim tizimi orqali kasbiy ko‘nikmalarni ishlab chiqarish jarayonida o‘zlashtirayotgan yoshlarni moddiy jihatdan rag‘batlantirishga qaratilgan.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 23-oktabrda qabul qilingan PQ–316-son qarori ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur qarorda kasbiy ta’lim sifatini oshirish va ish beruvchilar ishtirokida kadrlar tayyorlashni kengaytirish vazifalari belgilangan.
Ushbu hujjatga muvofiq, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda dual ta’lim asosida tahsil olayotgan o‘quvchilarga maxsus elektron platforma orqali stipendiya to‘lanadi. Stipendiya miqdori har oy bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari etib belgilanmoqda.
Shu bilan birga, ish beruvchi tomonidan o‘quvchining kasbiy ko‘nikmalari yoki mehnat intizomi qoniqarsiz deb topilsa, stipendiya to‘lash to‘xtatilishi mumkin. Bu mexanizm dual ta’lim jarayonida o‘quvchilarning mas’uliyati va ish sifatiga qo‘shimcha talab qo‘yadi.
Stipendiyalarni moliyalashtirish Kasbiy ta’lim agentligi orqali amalga oshiriladi. Agentlikka Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda 2026 yil 1-avgustga qadar maxsus elektron platformani ishga tushirish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur platforma «Yagona milliy mehnat tizimi» hamda elektron hukumat infratuzilmalari bilan integratsiya qilinadi. Qayd etilishicha, 2026 yilda ushbu xarajatlar amaldagi budjet doirasida qoplanadi, 2027 yildan esa davlat budjeti parametrlarida alohida nazarda tutiladi.





