
«TextileExpo 2025»da hunarmandlar yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda
16.05.2025 | 12:5339842
Toshkentda o‘tayotgan «TextileExpo Uzbekistan 2025» ko‘rgazmasi doirasida mahalliy hunarmandlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Bugun yarmarkaning so‘nggi kuni.

Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» majmuasida «TextileExpo Uzbekistan 2025» ko‘rgazmasi doirasida mahalliy hunarmandlar mahsulotlarining savdo-yarmarkasi tashkil etildi. Tadbir Savdo-sanoat palatasi va «Hunarmand» uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda.
Yarmarkaning maqsadi — xalq amaliy san’ati va qo‘l mehnatiga asoslangan mahsulotlarni keng ommaga namoyish etish, milliy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash va ichki hamda tashqi bozorda uni targ‘ib qilishdir.
Yarmarkada 30 dan ziyod hunarmand ishtirok etmoqda. Ular tomonidan tayyorlangan zargarlik buyumlari, to‘quvchilik mahsulotlari, keramika va milliy naqshli bezaklar ko‘rgazmasi ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Mehmonlar ushbu mahsulotlarni nafaqat ko‘rish, balki xarid qilish imkoniga ham ega.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar mahalliy hunarmandlarga yangi bozorlar topish va xorijiy xaridorlarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois kelgusida bu kabi yarmarkalar soni ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 23–25 may kunlari «Tashkent City» sayilgohida «O‘zbekiston sovg‘alari» ko‘rgazma-savdosi ham tashkil etilishi kutilmoqda.





