
Tinch okeanida 3 mingdan ziyod avtomobil ortilgan kema cho‘kib ketdi
26.06.2025 | 18:2047472
Xitoydan Meksikaga yo‘l olgan «Morning Midas» kemasida yuzaga kelgan yong‘in ortidan kema cho‘kib ketdi. Uning sahnida 3 mingdan ziyod avtomobil bor edi.

«Marinelog» nashri ma’lumotiga ko‘ra, kema 23 iyun kuni Alyaska sohillaridan taxminan 770 km uzoqlikda, 5 ming metr chuqurlikda suvga g‘arq bo‘lgan. Hodisaga kema sahnidagi yong‘in va uning ortidan kelib chiqqan talafotlar, shuningdek, noqulay ob-havo sabab bo‘lgani aytiladi.
Kemani boshqaruvchi Zodiac Maritime kompaniyasiga ko‘ra, sahnida 3048 ta avtomobil bo‘lib, ularning 70 tasi elektromobil, 681 tasi hibrid model hisoblanadi. Kemadagi 22 nafar ekipaj a’zosi sog‘-salomat qutqarilgan.
Yong‘in aynan qaysi transport vositasidan boshlangani hozircha aniq emas. Manbalarga ko‘ra, yuklar orasida Chery, Great Wall va Buick Envision markali avtomobillar ham bo‘lgan. Kema Xitoyning Yantay portidan chiqib, Meksikadagi rasmiy Buick bozori tomon yo‘l olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kema SAIC korporatsiyasining logistika bo‘limi hisoblangan Anji Logistics tomonidan ijaraga olingan bo‘lishi mumkin.





