
Tog‘-kon va ochiq konlar sanoati hajmi 77 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda 2025 yil yakunlariga ko‘ra, sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi va korxonalar sonida sezilarli o‘sish kuzatildi.

2025 yilda O‘zbekiston sanoatida ishlab chiqarish hajmlari yuqori sur’atlarda shakllandi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqarish sanoati hissasiga to‘g‘ri kelib, uning hajmi 947,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu umumiy sanoat ishlab chiqarishining 86 foiziga teng.
Sanoat tarmoqlari kesimida
Sanoat tarmoqlari bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarish sanoatidan keyin ikkinchi yirik segment tog‘-kon va ochiq konlarni ishlash sohasi hisoblanadi. Ushbu tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 77 trln so‘mga yetdi va umumiy sanoat tarkibida 7 foiz ulushni egalladi. Elektr energiyasi, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasida esa ishlab chiqarish 70,8 trln so‘mni tashkil etib, 6,4 foiz ulushga to‘g‘ri keldi.
Eng kichik ulush suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sohasi hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yo‘nalishda ishlab chiqarish hajmi 6,1 trln so‘mni, ya’ni 0,6 foizni tashkil etdi.
Avvalroq 2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatda jami 1,1 kvadrillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani ma’lum qilingan edi.
Korxonalar soni va tarmoqlar taqsimoti
2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 59,8 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Eng ko‘p korxonalar oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga to‘g‘ri kelib, bu yo‘nalishda 11,9 mingta korxona qayd etilgan.
Ikkinchi o‘rinda boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish sohasi bo‘lib, unda 8,3 mingta korxona faoliyat olib bormoqda. Kiyim-kechak ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 6 mingtani tashkil etgan.





