Logo

Tojikistonning tashqi qarzi 100 million dollarga kamaydi: mamlakat eng ko‘p kimdan qarzdor?

Kecha 09:422 daqiqa

YIMga nisbatan qarz ulushi 19,2 foizdan 16 foizga, ya’ni 3,2 foiz bandga pasaydi.

Tojikistonning tashqi qarzi 100 million dollarga kamaydi: mamlakat eng ko‘p kimdan qarzdor? © Asia-Plus

Tojikiston Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatning umumiy davlat qarzi 3,4 milliard dollarni yoki YIMning 16 foizini tashkil etdi.

Shundan 2,9 milliard dollari (davlat qarzining 85,5 foizi) tashqi qarz, 490,4 million dollari (14,5 foizi) esa ichki qarz hisoblanadi. Yil boshiga nisbatan davlat qarzi qariyb 100 million dollarga kamaydi. YIMga nisbatan qarz ulushi esa 19,2 foizdan 16 foizga, ya’ni 3,2 foiz bandga pasaydi.

Shu davrda tashqi qarz ham 3 milliard dollardan 2,9 milliard dollarga tushdi. Hozir u YIMning 13,7 foiziga teng.

2026 yilning birinchi yarmida tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish uchun 270,3 million dollar yo‘naltirildi. Shundan 230,1 million dollari asosiy qarzni qoplashga, yana 40,2 million dollari esa foiz to‘lovlariga sarflandi.

photo_2026-07-24_09-43-58


Moliya vazirligining ta’kidlashicha, davlat barcha moliyaviy majburiyatlarini tasdiqlangan reja asosida o‘z vaqtida bajarmoqda va xalqaro moliya tashkilotlari hamda alohida davlatlar oldida muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud emas.

Tojikistonning eng yirik tashqi kreditori hamon Xitoy Eksport-import banki hisoblanadi. Birinchi yarim yillik davomida ushbu bank oldidagi qarz 740 million dollardan 690 million dollarga kamaydi. Ya’ni, qarz 50 million dollarga yoki qariyb 7 foizga qisqardi.

Xitoy banki Tojikistonning jami tashqi qarzining 23,8 foizini tashkil etadi. Yirik kreditorlar qatorida yana Jahon banki (390 million dollardan ortiq), Islom taraqqiyot banki (270 milliondollardan ortiq), Osiyo taraqqiyot banki (230 million dollar atrofida) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (228 million dollarga yaqin) bor.

2026-yil 1-yanvar holatiga Tojikistonning davlat qarzi 3,5 milliard dollarni yoki YIMning 19,2 foizini tashkil etgan. Shundan 3 milliard dollari tashqi, qariyb 500 million dollari esa ichki qarz edi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston iqtisodiyoti yil oxirigacha 8,3 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Tojikistonning tashqi qarzi 100 million dollarga kamaydi: mamlakat eng ko‘p kimdan qarzdor? | Vaqt.uz