add

Tolibon davrida ilk marta: O‘zbekiston fuqarolari Afg‘onistonga o‘tishi uchun chegara ochildi

02.12.2025 | 17:586142 daqiqa

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punkti 2021 yilda Tolibon hokimiyatga kelganidan buyon ilk marta qayta tiklandi.

Tolibon davrida ilk marta: O‘zbekiston fuqarolari Afg‘onistonga o‘tishi uchun chegara ochildi

O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi Termiz—Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolarni o‘tkazish punktlari qayta ish boshladi. Bu haqda SSP matbuot xizmati xabar berdi.

«Endi yo‘lovchilar ikki davlat orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va xavfsiz tarzda harakatlanishi mumkin. Shu bilan birga, viza talabi o‘z kuchida qoladi», — deyiladi xabarda.

2021 yilning avgusida Tolibon harakati Afg‘onistonni egallagach, O‘zbekiston tomoni qochqinlar oqimining oldini olish maqsadida chegaradan fuqarolar o‘tishi cheklangan edi.

«Hozirda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va «Termiz» nazorat-o‘tkazish punktidan quruqlik orqali o‘tish amalga oshirilmayapti. Yaqin orada O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi «Termiz» nazorat-o‘tkazish punktini ochish ko‘zda tutilmagan. Chegarani kesib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishlar, ularning sabablaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bartaraf etiladi», — deyilgan O‘zbekiston TIVning 2021 yil 30-avgustdagi xabarida.

Keyinchalik bu cheklov o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Afg‘onistonga borishini qiyinlashtirib kelayotgan edi: Hayraton ko‘prigidan 75 km masofada joylashgan Mozori Sharifga yetib borish uchun o‘zbekistonliklarga 1 soat vaqt kifoya qilgan bo‘lsa, shu paytgacha Tojikiston hududida joylashgan aylanma yo‘ldan foydalanishga va Afg‘onistonning eng yaqin shahriga yetib olish uchun bir sutka vaqtini sarflashga majbur bo‘layotan edi. Endi bu cheklovlar bekor qilindi va yo‘l yana ochildi.

Chegaradan o‘tish tartibining tiklanishi eksport qiluvchi korxonalar uchun katta qulaylik yaratadi. Afg‘onistonga eksport hajmi oxirgi yillarda barqaror o‘smoqda va ayniqsa bu yo‘lning ochilishi bilan 2026 yilda eksport hajmini 2,5 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Teglar

Mavzuga oid