add

Tolibon Pokiston chegarasidagi 40 ta postni egallaganini da’vo qildi

Tolibon harakati Pokiston chegarasidagi bir necha postlarni bosib olgani va 58 nafar pokistonlik harbiyni o‘ldirgani haqida bayonot berdi. Pokiston rasmiylari hozircha ushbu da’voga izoh bermagan.

Tolibon Pokiston chegarasidagi 40 ta postni egallaganini da’vo qildi
Tolibon ma’muriyati o‘z guruhi qo‘shinlari Pokiston bilan chegarada joylashgan bir qator postlarni egallaganini ma’lum qildi. «Tolo News» telekanali xabariga ko‘ra, hujum kecha Dyurend chizig‘i bo‘ylab olib borilgan harbiy operatsiya vaqtida amalga oshirilgan. Tolibonlarning bayonotida aytilishicha, natijada Pokistonning 40 dan ortiq chegara posti nazoratga olingan, 58 nafar harbiy halok bo‘lgan. Hujum «yakuniy operatsiya» sifatida amalga oshirilgani ta’kidlangan. Tolibon ma’muriyatining so‘zchisi Zabiullo Muҷohid ushbu harakatni «himoyaviy va javob chorasi» deb atagan. Unga ko‘ra, to‘qnashuvlar davomida Tolibon safidan 9 nafar jangchi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi yaralangan. Bu voqea so‘nggi oylarda Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida chegaraviy keskinlik kuchaygan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Dyurend chizig‘i — ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy chegara sifatida e’tirof etilsa-da, yillar davomida u nizolar va o‘q almashuvlar manbai bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga, Tolibon ma’muriyati hali xalqaro darajada tan olinmagani sababli, uning bunday harbiy harakatlari mintaqaviy barqarorlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Pokiston hukumati hozircha ushbu da’volarga rasman munosabat bildirmagan.

Teglar

Mavzuga oid