
Toshkent aeroporti yaqinidagi yangi yo‘lo‘tkazgich qurilishi 511 mlrd so‘mga tushdi
29.07.2025 | 08:2022273
Toshkent xalqaro aeroporti yonidagi yo‘lo‘tkazgichning rekonstruksiyasi va yangisining qurilishi 511 milliard so‘mga tushdi. Yangi loyiha zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida amalga oshirildi.

«Ko‘prikqurilish» AJ loyiha rahbari Bobur Elmurodovning «O‘zbekiston Bunyodkori» gazetasiga ma’lum qilishicha, 1967 yilda qurilgan, 2008 yilda ta’mirlangan eski ko‘prik yaqinida yangi estakada qurilgan. Tarixda birinchi marta 360 gradusga buriladigan xavfsizlik panjaralari qo‘llanildi.
Yo‘lo‘tkazgich 693,5 metr uzunlik va 62 metr kenglikka ega. U to‘rt tasmadan iborat bo‘lib, soatiga 5 mingta, kuniga esa 132 mingta avtomobilga xizmat ko‘rsata oladi. Yo‘lovchilar uchun 15 metrli piyoda yo‘laklari va 13 metrli velosiped yo‘lkalari ham qurilgan.
Yangi ko‘prikda uzunligi 42 metr bo‘lgan arqonlardan foydalanilgan. Monolit tarzda qo‘shimcha 4 ta tushish va 2 ta «beda yaprog‘i» shaklidagi aylanma yo‘l qurildi. Eng muhimi, konstruksiya sifat va mustahkamlik jihatdan yuqori darajada bo‘lib, uzoq muddat xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida ilk bor raqamli texnologiyalardan ham foydalanildi. Butun inshoot texnik holatini kuzatib borish uchun markazlashgan raqamli monitoring va nazorat tizimi joriy etildi. Bu tizim doimiy ravishda texnik tahlil va xavfsizlik kuzatuvini ta’minlaydi.





