add

Toshkent — Andijon pulli yo‘li tenderi yana bir oyga uzaytirildi

20.05.2025 | 09:3017863

Toshkent — Andijon pulli avtoyo‘li qurilishi uchun tender hujjatlarini topshirish muddati ikkinchi marta uzaytirildi. Endi kompaniyalar 2025 yil 21 iyungacha ariza yuborishi mumkin.

Toshkent — Andijon pulli yo‘li tenderi yana bir oyga uzaytirildi
O‘zbekiston Transport vazirligi tender bo‘yicha hujjatlar topshirish muddati yana bir oyga cho‘zilganini ma’lum qildi. Shuningdek, izoh so‘rash uchun so‘rovlarni 6 iyungacha yuborish mumkin. Bu haqda vazirlik Telegram-kanalida xabar berdi. Loyiha bo‘yicha tender Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hamda PwC, Arup va CMS Cameron konsorsiumi hamkorligida tashkil etilmoqda. Tenderga avvalgi chaqiruv yanvarda boshlangan edi. Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi: avval kompaniyalar dastlabki saralash uchun hujjatlar topshiradi (RFQ), keyin esa saralashdan o‘tganlar texnik va moliyaviy taklif taqdim etadi. G‘olib kompaniya 2026 yil aprelida aniqlanishi rejalashtirilgan. Loyiha 2019 yildan beri muhokama qilinayotgan bo‘lib, Kamchiq dovonida yangi tonnel ham quriladi. Trassa 6 yilda, uch bosqichda quriladi: Toshkent–Angren (78 km), Angren–Pop (93 km) va Pop–Andijon (143 km). Yo‘ldan o‘tish haqi 5–6 dollar atrofida bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Loyihaning avvalgi bahosi 4,65 mlrd AQSH dollari bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yil oktyabrda taqdim etilgan qayta hisob-kitobga ko‘ra, narxi 4,28 mlrd dollar etib belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid