
Toshkent markazida shoqol yurgani aytilmoqda
20.10.2025 | 10:3638493
Odamlar Darxon mahallasi atrofida bir necha kundan beri shoqol aylanib yurganini kuzatgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning markaziy hududlaridan biri Darxonda chiyabo‘ri paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda. «Animal life in Uzbekistan» Telegram-kanali foydalanuvchilar shahar ko‘chalarida bir necha kundan beri mazkur yovvoyi hayvonga tez-tez duch kelayotganini yozgan.
Qayd etilishicha, shoqol odamlarga nisbatan tajovuzkor emas, o‘zini xotirjam tutmoqda va chamasi ovqat izlayapti, ba’zan mushuklarni ovlayotgani kuzatilmoqda.
«Animal life in Uzbekistan» kanali shoqolning paydo bo‘lishi daydi itlarning ommaviy yo‘q qilinishi bilan bog‘liq ekanini taxmin qilgan.
«Aynan itlar asrlar davomida yovvoyi tabiat va inson yashash joylari o‘rtasida tabiiy to‘siq vazifasini bajargan.
Itlar shahar ekosistemasining bir qismidir. Ular chegaralarni saqlaydi, yirtqichlarning odamlarga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo bu to‘siq yo‘q qilinsa, uning o‘rni uzoq vaqt bo‘sh turmaydi.
Bo‘shliqni bo‘rilar, shoqollar, tulkilar egallaydi. Mana endi yovvoyi hayvon poytaxt markazida paydo bo‘ldi», - deya yozmoqda faollar.
Shahar hokimiyati hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hozircha holat yuzasidan rasmiy izoh bergani yo‘q.





