add

Toshkent prokurori va IIBB boshlig‘iga hayfsan berildi

Kecha 13:312 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazayotgan yig‘ilishda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev va shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar O‘rmonovga hayfsan berildi

Toshkent prokurori va IIBB boshlig‘iga hayfsan berildi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev va shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar O‘rmonovga hayfsan berildi. Bu bugun, 27-yanvar kuni prezident xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda e’lon qilindi.

Majlisda Toshkent shahri ichki ishlar tizimidagi tergovchi va surishtiruvchilar faoliyatida sifat yo‘q ekani qayd etildi. Masalan, xodimlarda malaka yetishmagani uchun o‘tgan yili 833 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay, hisobdan yashirilgan.

«Shaharda jinoyatchilik 2 mingtaga kamaytirildi» deb hisobot berilgani bilan poytaxtdagi 26 ta mahalla «qizil», 465 tasi «sariq» toifada qolgan. Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik, bezorilik bo‘yicha, Yunusobod bosqinchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda. Yoki o‘tgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng ko‘p bo‘lgan.

Shu bois, yaqinda ushbu tumanlar ichki ishlar boshliqlarining barchasi yangi qo‘yildi. Ular tashabbus qilib, hududida jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha keskin o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish o‘rniga Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev, Toshkent shahar prokurori v.b. Anvar O‘rmonov faqat mikroavtobusda shahar aylanish bilan band ekani tanqid qilindi.

Qayd etilishicha, ular 12 ta tuman hokimi, ichki ishlar boshlig‘i, prokurori, «mahalla yettiligi» va jamoatchilik bilan hamjihat ishlasa, 7,5 mingta jinoyatning oldini olsa bo‘lar edi. Shu tufayli Sultonxo‘jayev va O‘rmonovga hayfsan berilib, olti oylik sinov muddati tayinlanishi belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid