add

«Toshkent» RFB valutadagi obligatsiyalar segmentini ochishni muhokama qiladi

Kecha 16:202 daqiqa

«Toshkent» RFB aksiyadorlari valutadagi obligatsiyalar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar va birja IT tizimini yangilash masalalarini muhokama qilib, bozor kelajagini belgilashi mumkin.

«Toshkent» RFB valutadagi obligatsiyalar segmentini ochishni muhokama qiladi

2026 yil 13-fevral kuni «Toshkent» Respublika fond birjasi aksiyadorlari navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish o‘tkaziladi. Xorijiy valutadagi obligatsiyalar uchun ixtisoslashtirilgan maydoncha, xorijiy qimmatli qog‘ozlar uchun ixtisoslashtirilgan maydoncha va birjaning dasturiy ta’minotini modernizatsiya qilish yoki almashtirish masalalari kun tartibiga kiritilgan.

Kun tartibida birjada xorijiy valutadagi obligatsiyalarni joylashtirish va ularning muomalasi uchun ixtisoslashtirilgan maydoncha tashkil etish masalasi bor. Valutadagi obligatsiya investor uchun faqat «kupon» emas, valuta kursining tebranishi bilan bog‘liq risk yoki ba’zan imkoniyat ham degani.

Agar bu segment amalda ishga tushsa, emitentlar uchun valutada mablag‘ jalb qilish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Investorlar uchun esa instrumentlar tanlovi kengayadi, lekin daromadni baholashda kurs omili ham birinchi o‘ringa chiqadi.

O‘rinli savol paydo bo‘ladi: bunday maydoncha ishga tushsa, real savdo bo‘ladimi yoki qog‘oz «qog‘ozda» qoladimi? Chunki kapital bozorida savdosiz instrument — bozor instrumenti emas.

Yangi segmentlar

Kun tartibidagi ikkinchi yirik masala birjada xorijiy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va ularning muomalasi uchun ixtisoslashtirilgan maydoncha yaratishdir. Bu yo‘nalish mahalliy investorlar uchun tanlovni kengaytirishi mumkin, ya’ni tashqi bozorlarga yaqinroq instrumentlar paydo bo‘lish ehtimoli bor.

Biroq bunday segment faqat amaliy mexanizm ishlaganda real natija beradi, ya’ni hisob-kitob qanchalik tez va aniq bo‘ladi, qimmatli qog‘ozlar qayerda saqlanadi, kim javobgar hamda investor uchun tushunarli axborot oqimi shakllanadimi aynan shular muhim.

IT infratuzilma

Kun tartibidagi uchinchi bandda birjaning o‘z mablag‘lari hisobidan amaldagi dasturiy ta’minotni modernizatsiya qilish yoki almashtirish masalasi belgilangan. Bu shunchaki IT masalasi emas, birjada texnik infratuzilma savdoning uzluksizligi, narx shakllanishi, ma’lumot oqimi, brokerlar bilan integratsiya va kiberxavfsizlikni ta’minlaydi. Agar yangi instrumentlar (valutadagi obligatsiyalar va xorijiy qimmatli qog‘ozlar) ko‘payadigan bo‘lsa, tizim yuklamasi ham murakkablashadi va bu birjaning texnik tayyorgarligini yanada ahamiyatli qiladi.

Umuman olganda, «Toshkent» RFB aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan uch muhim masala bozor uchun valutadagi obligatsiyalar segmenti, xorijiy qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha savdo yo‘nalishi va bularni ko‘tarib turadigan IT infratuzilmasi masalalarini anglatadi. Lekin kapital bozorida natijani kun tartibi emas, aniq qoidalar, tushunarli tartib, muntazam axborot va eng muhimi real savdo belgilaydi.

G.Bozorova tayyorladi

Teglar

Mavzuga oid